Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Nega shoh Dovudning qo‘shinida isroillik bo‘lmagan kishilar ham bor edi?

SHOH DOVUDNING qo‘shinida isroillik bo‘lmaganlar ham bor edi, masalan, ommonlik Zilax, xetiy Uriyo va mo‘ablik Yitmo. (1 Sol. 11:39, 41, 46) a Hoynahoy, ular orasida xaretiylar, palatiylar va gatliklar ham bo‘lgan. (2 Shoh. 15:18) Xaretiylar bilan palatiylar filistimliklar bilan yaqin bo‘lganga o‘xshaydi. (Hiz. 25:16) Gatliklar filistimliklarning Gat shahridan bo‘lgan bo‘lsa kerak. (Yoshua 13:2, 3; 1 Shoh. 6:17, 18)

Nega Dovud qo‘shinida bunday kishilar bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan? Dovud ular unga, eng muhimi esa Yahovaga sodiq ekaniga ishongan. Misol uchun, xaretiylar va palatiylar haqida Muqaddas Kitobning bir lug‘atida quyidagicha yozilgan: «Ular Dovud boshqargan davrning eng mushkul paytlarida unga sodiq bo‘lib qolishgan». («The New Interpreter’s Dictionary of the Bible») Qiziq, ular buni qanday namoyon etishgan? «Barcha isroilliklar» shoh Dovudga ergashmay qo‘yib, «Shava ismli bir ig‘vogar kishi»ga ergashganda, xaretiylar va palatiylar sodiq bo‘lib qolishdi va Shava ko‘targan isyonni bosti-bosti qilishga yordam berishdi. (2 Shoh. 20:1, 2, 7) Boshqa safar esa shoh Dovudning o‘g‘li Odoniyo Sulaymonning o‘rniga taxtga o‘tirmoqchi bo‘lgan. O‘shanda ham xaretiylar va palatiylar Dovudga sodiq qolib, Yahova boshqarish uchun tanlagan Sulaymon taxtga o‘tirishiga yordam berishgan. (3 Shoh. 1:24–27, 38, 39)

Dovudga nihoyatda sodiq bo‘lgan yana bir inson bu gatlik Etxay. Dovudning o‘g‘li Absalom isyon ko‘tarib, Isroil erkaklarini unga qarshi qayramoqchi bo‘lganda, Etxay va uning 600 ta jangchisi Dovudni qo‘llab-quvvatlashgan. Dovud u isroillik bo‘lmagani uchun jang qilmasligi mumkinligini unga aytgan. Ammo Etxay shunday degan: «Barhayot Yahova va siz haqqi qasam ichib aytamanki, shoh hazratlari qayerga bormasinlar, men xizmatkoringiz ham o‘sha yerga boraman. Hatto siz bilan birga o‘lishga ham tayyorman!» (2 Shoh. 15:6, 18–21)

Etxay Yahova tanlagan shoh Dovudga sodiq bo‘lgan

Garchi xaretiylar, palatiylar va gatliklar isroillik bo‘lishmasa-da, Yahovani Haq Taolo, Dovudni esa U tanlagan shaxs deb bilishgan. Dovud shu kabi sodiq kishilar uning tomonida bo‘lganidan juda minnatdor bo‘lgan bo‘lsa kerak!

a Qonunlar 23:3–6 da yozilgan Xudoning qonuniga ko‘ra, ommonliklar va mo‘abliklar Isroil xalqining jamoatiga kira olmasdi. Lekin bu qonun ostida Isroil xalqida to‘liq qonuniy a’zolik nazarda tutilganga o‘xshaydi va unga binoan, bunday kishilarga Xudoning xalqidagi odamlar bilan muloqot qilish yoki ularning orasida yashash taqiqlanmagan edi. («Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining (rus) «Ammonityane» mavzusidagi «Браки с израильтянами» sarlavhasiga qarang.)