Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Boshqalar bilan tinch-totuv yashash uchun maslahatlar

Boshqalar bilan tinch-totuv yashash uchun maslahatlar

Alloh oila a’zolarimiz, hamkasblarimiz va do‘stlarimiz bilan qay yo‘sin tinch-totuv yashashimiz mumkinligini aytyapti. Ko‘p odamlar Uning bu boradagi dono maslahatlarini qo‘llab, muvaffaqiyatga erishgan. Keling, ulardan ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

Kechirimli bo‘ling

«Hatto kimningdir boshqadan arz qilishga sababi bo‘lsa, uni chin dildan kechirsin». (KOLOSALIKLARGA 3:13)

Biz boshqalarni, boshqalar esa bizni xafa qilishi mumkin. Lekin qanday bo‘lmasin, biz boshqalarni kechirishimiz kerak va boshqalar ham shunday qilishlari lozim. Kechirganimizda bizni xafa qilgan insonga nisbatan gina saqlab yurmaymiz. Shuningdek, «yomonlik evaziga yomonlik qaytarmaymiz» va o‘sha insonning xatolari yoki kamchiliklarini yuziga solmaymiz. (Rimliklarga 12:17) Bordi-yu, kimdir bizni qattiq ranjitgan bo‘lsa va bu xayolimizdan ketmasa-chi? Unda u bilan hurmat ila yuzma-yuz gaplashib olishimiz kerak. Maqsadimiz haqligimizni isbotlash emas, tinchlik o‘rnatish bo‘lishi darkor. (Rimliklarga 12:18)

Kamtar bo‘ling va hurmat ko‘rsating

«Kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar». (FILIPPILIKLARGA 2:3)

Kamtar bo‘lib, hurmat ko‘rsatsak, odamlarga biz bilan muloqot qilish yoqimli bo‘ladi. O‘sha insonlar biz mehribon va g‘amxo‘r ekanimizni hamda ularning ko‘ngliga ozor bermasligimizni bilishadi. Biroq agar boshqalardan o‘zimizni ustun qo‘ysak yo doim o‘zimiznikida turib olsak, ular bilan o‘rtamizda nizo va taranglik paydo bo‘ladi. Odamlar bizdan o‘zini chetga oladi va do‘stlarimiz kam yoki umuman bo‘lmaydi.

Yuzxotirchilik qilmang

«Xudo yuzxotirchilik qilmas ekan. Ammo Undan qo‘rqib, to‘g‘ri yo‘l tutgan har bir kishini U millatiga qaramay qabul qilarkan». (HAVORIYLAR 10:34, 35)

Yaratuvchimiz odamlarni millati, tili, jamiyatdagi mavqei yoki tana rangiga qarab ajratmaydi. «Xudo barcha millatlarni bir odamdan vujudga keltirdi». (Havoriylar 17:26) Demak, barcha insonlar bir-biriga aka-uka va opa-singildir. Boshqalarga hurmat hamda mehr ila muomala qilsak, ularni quvontiramiz, o‘zimiz baxtliroq bo‘lamiz va Yaratuvchimizni mamnun etamiz.

Muloyim bo‘ling

Muloyimlik fazilatiga burkaninglar. (KOLOSALIKLARGA 3:12)

Agar muloyim bo‘lsak, boshqalar biz bilan o‘zini erkin his qiladi. Ular bizga bemalol murojaat qilishadi va hatto bizni to‘g‘rilay olishadi. Chunki ular xotirjamlikni saqlashimizni bilishadi. Bordi-yu, kimdir bizdan achchiqlansa, muloyim javobimiz o‘sha insonni jahlidan tushirishi mumkin. Hikmatlar 15:1 da aytilganidek, «muloyim javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahlni chiqaradi».

Saxiy va minnatdor bo‘ling

«Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta». (HAVORIYLAR 20:35)

Bugungi kunda ko‘p odamlar ochko‘z va xudbin. Lekin saxiy insonlar o‘zini baxtliroq his qiladi. (Luqo 6:38) Chunki ular odamlarni moddiy narsalardan ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. Bunday sevgi ularni ko‘rsatilgan saxiylik uchun minnatdorchilik bildirishga undaydi. (Kolosaliklarga 3:15) O‘zingizdan shunday so‘rang: «Yonimda qanday insonlar bo‘lishini istayman: ziqna va noshukurmi yoki saxiy va minnatdormi?» Bundan xulosa: boshqalar qanday inson bo‘lishini istasak, o‘zimiz ham shunday inson bo‘lishimiz lozim. (Matto 7:12)