Asosiy materiallarga o‘tish

Iso payg‘ambar nima uchun o‘lgan?

Iso payg‘ambar nima uchun o‘lgan?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Odamlarning gunohlari kechirilib, abadiy yashay olishi uchun Iso hayotini qurbon qildi. (Rimliklarga 6:23; Efesliklarga 1:7) U o‘z o‘limi bilan inson eng shiddatli sinovlar paytida ham Xudoga sadoqatli qola olishini isbotladi. (Ibroniylarga 4:15)

 Qanday qilib bitta insonning o‘limi tufayli shuncha ko‘p ishlar qilinganini ko‘rib chiqaylik.

  1.   Iso «gunohlarimiz kechirilishi» uchun o‘ldi. (Kolosaliklarga 1:14)

     Birinchi inson — Odamato gunohdan xoli va mukammal qilib yaratilgan edi. Ammo u Xudoga itoatsizlik qilishni tanladi. Odamatoning itoatsizligi, ya’ni qilgan gunohi barcha odamlarga ta’sir qildi. Muqaddas Kitobda: «Bitta odamning itoatsizligi ko‘pchilikni gunohkor qilib qo‘ygan»,— deb tushuntirilgan. (Rimliklarga 5:19)

     Iso ham mukammal bo‘lgan, ammo u hech qachon gunoh qilmagan. Shuning uchun, u «gunohlarni qoplaydigan qurbonlik» bo‘la olardi. (1 Yuhanno 2:2, izoh) Odamatoning itoatsizligi dastidan butun insoniyat gunohga botgan bo‘lsa, Isoning o‘limi tufayli unga ishongan barcha bu gunohdan ozod etiladi.

     Odamato qaysidir ma’noda insoniyatni gunoh qulligiga sotdi. Iso esa biz uchun o‘z jonini berib, insoniyatni qaytarib sotib oldi. Endi «kimdir gunohga qo‘l ursa, Otamiz yonida odil yordamchimiz — Iso Masih bor». (1 Yuhanno 2:1)

  2.   Iso «unga ishongan har bir kishi halok bo‘lmasin, balki mangu hayotga ega bo‘lsin» deya o‘ldi. (Yuhanno 3:16)

     Garchi Odamato abadiy yashash maqsadida yaratilgan bo‘lsa-da, gunoh qilgani uchun o‘limga mahkum etildi. Uning qilmishi «dastidan dunyoda gunoh paydo bo‘ldi, gunoh orqali esa o‘lim. Shu tariqa o‘lim barcha insonlarga o‘tdi, demak ularning barchasi gunoh qilgan». (Rimliklarga 5:12)

     Isoning o‘limi tufayli nafaqat gunoh bartaraf etildi, balki unga ishongan barcha o‘lim jazosidan ozod bo‘ldi. Muqaddas Kitobda bu vaziyat haqida shunday deyilgan: «Gunoh bilan o‘lim hukmronlik qilganidek, Hazratimiz Iso Masih yordamida abadiy hayotga yetaklaydigan odillik orqali inoyat ham hukm sursin». (Rimliklarga 5:21)

     Albatta, hozircha inson umri juda qisqa. Ammo Xudo odil insonlarga abadiy hayot tuhfa qilishini hamda o‘lganlarni tiriltirishni va’da qilmoqda. Shunda insonlar Isoning to‘lov qurbonligidan foyda olishadi. (Zabur 37:29; 1 Korinfliklarga 15:22)

  3.   Iso «o‘limgacha itoatli bo‘lib», inson har qanday sinov va qiyinchilik paytida Xudoga sadoqatli qola olishini isbotladi. (Filippiliklarga 2:8)

     Odamato mukammal ong va badanga ega bo‘lganiga qaramay, Xudoga itoatsizlik qildi. Chunki u xudbinlarcha o‘ziga tegishli bo‘lmagan narsani olishni istadi. (Ibtido 2:16, 17; 3:6) Keyinchalik Xudoning dushmani Shayton hech bir inson, ayniqsa, hayoti xavf ostida bo‘lsa, Xudoga beg‘araz xizmat qilmaydi deb da’vo ko‘tardi. (Ayub 2:4) Lekin Iso Xudoga itoat etib, hatto sharmandali va qiynoqli o‘limi paytida Xudoga sadoqatli qoldi. (Ibroniylarga 7:26) Shu yo‘sin, bu masalaga uzil-kesil javob berildi: inson har qanday sinov va qiyinchilik paytida Xudoga sadoqatli qola oladi.

Isoning o‘lim borasida savollar

  •   Insoniyatni qutqarish uchun Iso nega azob chekib o‘lishi kerak edi? Nima uchun Xudo o‘lim jazosini bekor qila qolmadi?

     Xudoning qonuniga ko‘ra «gunohning evazi — o‘lim». (Rimliklarga 6:23) Xudo bu qonunni Odamatodan yashirmay, Unga itoatsizlik qilgan inson o‘limga mahkum etilishi haqida aytgan. (Ibtido 3:3) Odamato gunoh qilganida, «yolg‘ondan xoli bo‘lgan Xudo» O‘z so‘zida turdi. (Titusga 1:2) Odamato avlodlariga nafaqat gunohni, balki uning oqibati bo‘lmish o‘limni meros qilib qoldirdi.

     Garchi gunohkor odamlar o‘limga loyiq bo‘lsa-da, Xudo «cheksiz inoyati tufayli» ularning ayblari kechirilishiga yo‘l ochib berdi. (Efesliklarga 1:7) Xudo odamzodni qutqarish uchun ko‘rgan chorasi, ya’ni Isoni mukammal qurbonlik sifatida bergani Uning adolati va rahm-shafqatidan dalolatdir.

  •   Iso qachon o‘lgan?

     Iso yahudiylarning Fisih bayrami kuni, quyosh chiqishidan hisoblaganda «to‘qqizinchi soatda» yoki kunduzi taxminan soat uchlarda o‘lgan. (Mark 15:33–37, izoh) Bu kun zamonaviy kalendar bo‘yicha milodiy 33-yil, 1-aprel juma kuniga to‘g‘ri keladi.

  •   Iso qayerda o‘lgan?

     Iso «Boshsuyagi degan joyda» qatl qilingan. Ibroniychada bu joy Go‘lgota deb nomlanadi. (Yuhanno 19:17, 18) Iso yashagan paytda bu yer Quddus «darvozasining tashqarisida» joylashgan edi. (Ibroniylarga 13:12) Bu tepalik bo‘lganga o‘xshaydi. Chunki Muqaddas Kitobda ba’zilar Isoning qatl qilinayotganini «uzoqdan kuzatib turgani» haqida aytilgan. (Mark 15:40) Ammo bugungi kunda Go‘lgota qayerda joylashganini aniq aytish qiyin.

  •   Iso qanday o‘lgan?

     Garchi aksariyat odamlar Iso xochda mixlanganiga ishonsa-da, Muqaddas Kitobda: «U gunohlarimizni o‘zining tanasi bilan birga ustunga olib chiqqan»,— deb aytilgan. (1 Butrus 2:24) Muqaddas Kitob yozuvchilari Isoni o‘ldirishda ishlatilgan vositaga ishora qilganda yunoncha stauros yoki ksilon so‘zlarini ishlatishgan. Ko‘p olimlarning fikricha, bu so‘zlar bitta yog‘och bo‘lagidan yasalgan xoda yoki tik qoziqni bildiradi.

  •   Isoning o‘limini qanday xotirlash kerak?

     Yahudiylarning Fisih bayrami nishonlangan kechada, Iso oddiy marosimni joriy etib shogirdlariga: «Buni meni eslab turish uchun qilinglar»,— deb aytgan. (1 Korinfliklarga 11:24) Bir necha soat o‘tgach, Iso qatl qilingan.

     Muqaddas Kitob yozuvchilari Isoni Fisih bayramida qurbon qilingan qo‘zi bilan taqqoslashgan. (1 Korinfliklarga 5:7) Fisih bayrami Isroil xalqiga qullikdan ozod bo‘lganini eslatib turganidek, Isoning o‘limini xotirlash marosimi masihiylarga gunoh va o‘limdan xalos bo‘lishganini eslatib turadi. Fisih bayrami oy kalendariga ko‘ra har yili 14 nison kuni nishonlangan. Shu singari ilk masihiylar ham yilida bir marta Qutlug‘ Kechlik marosimini nishonlashgan.

     Butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar 14 nison kuniga to‘g‘ri keladigan sanada Isoning o‘limini xotirlashadi.