Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas ruh nima?

Muqaddas ruh nima?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Muqaddas ruh Xudoning amaldagi kuchi, faol qudratidir. (Mixo 3:8; Luqo 1:35) U irodasini amalga oshirish uchun kuchini yo‘naltirish orqali ruhini har qanday yerga yuboradi. (Zabur 104:30; 139:7)

 Muqaddas Kitobda «ruh» so‘zi ibroniycha ruax, yunoncha pnevma so‘zidan o‘girilgan. Ko‘pincha bu so‘zlar Xudoning faol qudratiga yoki muqaddas ruhiga ishora qiladi. (Ibtido 1:2) Lekin Muqaddas Kitobda ular boshqa ma’nolarda ham qo‘llanilgan.

 Bu ma’nolarning barchasi inson ko‘zi bilan ko‘rib bo‘lmaydigan, lekin natijasi ko‘rinadigan narsani bildiradi. Shu singari, Xudoning ruhi «shamol kabi ko‘zga ko‘rinmaydi, uni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi va u qudratli». («An Expository Dictionary of New Testament Words, by W. E. Vine»)

 Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda Xudoning muqaddas ruhi Uning «qo‘llari» yoki «barmog‘i» sifatida tilga olingan. (Zabur 8:3; 19:1; Luqo 11:20, izoh; Matto 12:28 ni solishtiring.) Usta biror ishni qilish uchun qo‘llari va barmoqlaridan foydalangani kabi, Xudo ham quyidagi ishlarni amalga oshirish uchun muqaddas ruhidan foydalangan:

Muqaddas ruh shaxs emas

 Muqaddas Kitobda Xudoning ruhiga «qo‘llari», «barmoqlari» yoki «nafasi» sifatida ishora qilinganidan u shaxs emasligini ko‘rsa bo‘ladi. (Chiqish 15:8, 10) Ustaning qo‘llari uning ongi va tanasidan mustaqil tarzda harakat qila olmaydi. Shu kabi, muqaddas ruh faqatgina Xudo uni yo‘naltirganida harakatga tushadi. (Luqo 11:13) Qolaversa, Muqaddas Kitobda Xudoning ruhi suv bilan solishtirilgan va imon hamda bilim kabi tushunchalar bilan bog‘liq. Bularning barchasi muqaddas ruh jonli narsa emasligini ko‘rsatyapti. (Ishayo 44:3; Havoriylar 6:5; 2 Korinfliklarga 6:6)

 Muqaddas Kitobda Xudoning va O‘g‘lining ismlari keltirilgan, ya’ni Yahova hamda Iso Masih. Biroq muqaddas ruhga ism berilgani haqida hech narsa aytilmagan. (Ishayo 42:8; Luqo 1:31) Masihiy sifatida azob chekkan Stefan mo‘jizaviy tarzda vahiy olganda, osmonda uchta emas, faqatgina ikkita shaxsni ko‘rgan. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Muqaddas ruhga to‘lgan Stefan osmonga qaradi-da, Allohdan porloq nur taralayotganini va Xudoning o‘ng tomonida turgan Isoni ko‘rdi». (Havoriylar 7:55) Muqaddas ruh, ya’ni Xudoning amaldagi kuchi Stefanga bu vahiyni ko‘rishga ko‘maklashgan.

Muqaddas ruh haqidagi noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: Bibliya jamiyatining nashridagi 1 Yuhanno 5:7, 8 ga binoan, muqaddas ruh shaxs va uchlikning bir qismi.

 Fakt. Bibliya jamiyatining nashrida 1 Yuhanno 5:7, 8 da quyidagi so‘zlar qo‘shimcha qilib keltirilgan: «Osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir». Biroq tadqiqotchilar shuni aniqlashdiki, havoriy Yuhanno bu so‘zlarni yozmagan. Shunday ekan, ular Muqaddas Kitobga tegishli emas. Professor Bryus Metsger quyidagicha yozdi: «Bu so‘zlar o‘ylab topilgan va aslida ular Yangi ahdda bo‘lmasligi kerak». («A Textual Commentary on the Greek New Testament»)

 Noto‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitob muqaddas ruhni jonli shaxs qilib ko‘rsatyapti va bu u shaxs ekanligini isbotlaydi.

 Fakt: Muqaddas Yozuvlarda ba’zida muqaddas ruh jonli qilib ko‘rsatilgan. Masalan, Iso muqaddas ruh «yordamchi» sifatida dalil keltirishi, yo‘l ko‘rsatishi, gapirishi, eshitishi, xabar berishi va ulug‘lashini aytgan. (Yuhanno 16:7–15) Lekin bu u shaxs ekanini isbotlamaydi. Muqaddas Kitobda shuningdek, donolik, o‘lim va gunoh jonli qilib ko‘rsatilgan. (Hikmatlar 1:20; Rimliklarga 5:17, 21) Masalan, donolikning «ishlari» borligi, gunoh esa aldashi, o‘ldirishi va ta’magirlik qilishi haqida aytilgan. (Matto 11:19; Rimliklarga 7:8, 11)

 Noto‘g‘ri fikr: muqaddas ruh nomi bilan suvga cho‘mish u shaxs ekanini ko‘rsatyapti.

 Fakt: ba’zida kuch yoki huquqqa ega ekanini bildirish uchun Muqaddas Kitobda «nom» so‘zi qo‘llanilgan. (Qonunlar 18:5, 19–22; Ester 8:10) Bu o‘zbek tilidagi «qonun nomi bilan» yoki «qonun nomidan» kabi iboralarga o‘xshash. Biroq ular qonun shaxs ekanini anglatmaydi. (Matto 28:19)

 Noto‘g‘ri fikr: Isoning havoriylari va boshqa ilk shogirdlar muqaddas ruh shaxs ekaniga ishonishgan.

 Fakt: bu borada na Muqaddas Kitobda, na tarixda yozilgan. Bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Muqaddas ruh alohida shaxs ekani haqidagi tushuncha mil. 381-yili Konstantinopol kengashida vujudga kelgan». («Ensyslopædia Britannisa») Bu oxirgi havoriy o‘lganidan 250-yildan oshiq vaqt o‘tganidan so‘ng sodir bo‘lgan.