Asosiy materiallarga o‘tish

Xudoning Shohligi odamning qalbidami?

Xudoning Shohligi odamning qalbidami?

Muqaddas Kitob asosida javob

 Yo‘q. Xudoning Shohligi shunchaki Iso izdoshlarining qalb holati emas a. Muqaddas Kitobda Osmon Shohligi deyilgani uchun bu Shohlikning joylashuvi osmondadir. (Matto 4:17) Kalomga ko‘ra, u chindan ham mavjud hukumat va u osmondan turib boshqaryapti.

  •   Xudo Shohligining boshqaruvchilari, fuqarolari va qonunlari bor. Shuningdek, u Xudoning irodasini osmonda va yerda amalga oshirish huquqiga ega. (Matto 6:10; Vahiy 5:10)

  •   Xudoning hukumati, ya’ni Shohligi butun yer yuzidagi xalqlar, millatlar va turli tilda gapiradiganlar ustidan boshqaradi. (Doniyor 7:13, 14) Bu hukumatning boshqaruvchilariga hokimiyatni fuqarolar emas, balki Xudoning o‘zi beradi. (Zabur 2:4–6; Ishayo 9:7)

  •   Iso sadoqatli havoriylariga ular osmondagi Shohlikda u bilan birga taxtlarga o‘tirishini aytgan. (Luqo 22:28, 30)

  •   Bu Shohlik o‘z dushmanlarini yo‘q qiladi. (Zabur 2:1, 2, 8, 9; 110:1, 2; 1 Korinfliklarga 15:25, 26)

 Ayrimlar «Xudoga quloq solsangiz, Shohlik qalbingizda bo‘ladi» deb o‘ylashadi. Lekin Muqaddas Kitob bunga o‘rgatmaydi. Unga ko‘ra, «Shohlik to‘g‘risidagi xabar» yoki «Shohlik haqidagi xushxabar» qalblarimizga ta’sir qilishi mumkin. (Matto 13:19; 24:14)

«Xudoning Shohligi ichingizda» degan ibora nimani anglatadi?

 Ba’zi odamlar Luqo 17:21 dagi Xudoning Shohligi to‘g‘risida aytilgan so‘zlarni o‘qib, Shohlik qayerda ekanini tushunmay qolishadi. Masalan, bir tarjimada: «Xudoning Shohligi ichingizda»,— deyilgan. («The King James Version») Bu oyatni to‘g‘ri tushunish uchun matn tarkibini ko‘rib chiqishimiz lozim.

Xudoning Shohligi Isoni o‘ldirishni istagan yovuz farziylarning qalbida emasdi

 Iso bu so‘zlarni farziylarga qarata aytgan edi. Bu diniy rahbarlar Isoga qarshi chiqib, uning qatl etilishini tashkil etishgan edi. (Matto 12:14; Luqo 17:20) Shohlik bunday yovuz insonlarning qalbida bo‘lishini aqlga sig‘dirish qiyin. Iso ularga: «Ichingiz ikkiyuzlamachilik va qonunsizlikka to‘la»,— deb aytgan. (Matto 23:27, 28)

 Boshqa tarjimalarda Isoning Luqo 17:21 dagi so‘zlari aniqroq o‘girilgan, ya’ni «Xudoning Shohligi orangizda» deyilgan. Demak, Xudoning Shohligi farziylar orasida edi, chunki Iso Xudo Shohligining bo‘lajak Shohi sifatida ularning orasida bo‘lgan. (Luqo 1:32, 33)

a Aksariyat xristian din mazhablari «Xudoning Shohligi insonning ichida, ya’ni qalbida» deb o‘rgatadi. Misol uchun, Amerika Qo‘shma Shtatlarida qabul qilingan bir diniy hujjatda «Xudoning Shohligi muayyan ma’noda insonning yuragida va hayotida hukmronlik qiladi» deb aytilgan. Shu singari Rim papasi Benidikt XVI o‘z kitobida «Xudoning Shohligi itoatkor qalb orqali keladi» deb yozgan. («Jesus of Nazareth»)