Asosiy materiallarga o‘tish

Tavrot o‘zi nima?

Tavrot o‘zi nima?

Muqaddas Kitob asosida javob

 «Tavrot» so‘zi ibroniycha tora so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «o‘git», «ta’lim» yoki «qonun» deb tarjima qilinishi mumkin a. (Hikmatlar 1:8; 3:1; 28:4) Quyidagi misollardan ushbu so‘z Muqaddas Kitobda qanday qo‘llanilganini ko‘rishimiz mumkin.

  •   Tora deganda odatda Muqaddas Kitobning ilk beshta kitobi — Ibtido, Chiqish, Levilar, Sahroda hamda Qonunlar nazarda tutiladi. Tavrot Muso payg‘ambar tomonidan yozilgani uchun «Musoning Tavrot kitobi» deb ham atalgan. (Yoshua 8:31; Naximiyo 8:1) Avvaliga u yaxlit bir kitob sifatida yozilib, keyinchalik foydalanish qulay bo‘lishi uchun alohida kitoblarga ajratilganga o‘xshaydi.

  •   Tora so‘zi muayyan masalalar bo‘yicha Isroilga berilgan qonunlarga nisbatan ham qo‘llangan, jumladan, «gunoh qurbonligi borasidagi qonun [tora]», «moxov kasalligiga tegishli qonun» va «nazr qilinganlik haqidagi qonun». (Levilar 6:25; 14:57; Sahroda 6:13)

  •   Tora so‘zi ba’zan ota-onalar, dono kishilar yoki Xudo tomonidan berilgan o‘git va ta’limni anglatishi mumkin. (Hikmatlar 1:8; 3:1; 13:14; Ishayo 2:3)

Tavrotda nima haqida yozilgan?

  •   Tavrotda Xudo insoniyatni yaratganidan to Muso payg‘ambarning o‘limigacha sodir bo‘lgan voqealar bayon etilgan. (Ibtido 1:27, 28; Qonunlar 34:5)

  •   Muso payg‘ambar orqali berilgan qonun-qoidalar. (Chiqish 24:3) Bu Qonunda 600 dan ortiq nizomlar bor. Ular orasidan eng taniqlisi «Shema» deb atalgan va u yahudiylarning imoni ramzi hisoblanadi. «Shema»ning bir qismida shunday deyilgan: «Tangringiz Yahovani butun qalbingiz, butun joningiz va butun quvvatingiz bilan sevinglar». (Qonunlar 6:4–9) Iso bu so‘zlar haqida: «Birinchi va eng muhim amr»,— deb aytgan. (Matto 22:36–38)

  •   Tavrotda ilohiy ism bo‘lmish «Yahova» 1 800-martadan ziyod uchraydi. Tavrotda Xudoning ismini aytish taqiqlanmagan, aksincha, Xudoning xalqi Uning ismini qo‘llashi kerakligi haqidagi amrlar yozilgan. (Sahroda 6:22–27; Qonunlar 6:13; 10:8; 21:5)

Tavrot borasidagi noto‘g‘ri fikrlar

 Noto‘g‘ri fikr: Tavrotda yozilgan qonunlar abadiy, ular hech qachon bekor qilinmaydi.

 To‘g‘ri fikr: Muqaddas Kitobning ayrim tarjimalarida Tavrotdagi ba’zi nizomlar, jumladan, Shabbat, ruhoniylik va Gunohni yuvish kuni bilan bog‘liq nizomlar haqida «avlodlar osha» yoki «doimiy» deb aytilgan. (Chiqish 31:16; 40:15; Levilar 16:33, 34; O‘zbekiston Bibliya Jamiyati) Biroq ushbu oyatlarda qo‘llanilgan ibroniycha so‘z nafaqat doimiy, balki muayyan vaqt davom etadigan davrni anglatishi mumkin b. Musoning Qonun ahdi amal qilayotganiga taxminan 900-yil bo‘lganida Xudo uni «yangi ahdga» almashtirishni bashorat qilgan. (Yeremiyo 31:31–33) «“Yangi ahd”, deb Xudo avvalgi ahdning eskirganini ta’kidlagan». (Ibroniylarga 8:7–13) Eski ahd 2 000-yil avval Iso Masihning o‘limi asosida yangisiga almashtirilgan. (Efesliklarga 2:15)

 Noto‘g‘ri fikr: Yahudiylarning og‘zaki urf-odatlari va Talmud yozma qonunlar to‘plami bo‘lmish Tavrot singari ishonchli manbalardir.

 To‘g‘ri fikr: Xudo Muso payg‘ambarga Tavrotga qo‘shimcha sifatida og‘zaki qonunlar bergani haqida Muqaddas Kitobda hech narsa deyilmagan. Aksincha, Muqaddas Kitobda: «Yahova gapini davom ettirib, Musoga: “Bu so‘zlarni yozib qo‘y”»,— deganini o‘qiymiz. (Chiqish 34:27) Ushbu og‘zaki qonunlar vaqt o‘tib yozib qo‘yilgan va avvaliga Mishna, keyin esa Talmud sifatida tanilgan. Unda farziylar tomonidan o‘ylab topilgan urf-odatlar yozilgan. Bu urf-odatlarning aksariyati Tavrotga zid. Shu sababli Iso farziylarga: «Urf-odatingizni deb Allohning amrini buzyapsizlar»,— deb aytgan. (Matto 15:1–9)

 Noto‘g‘ri fikr: Ayollarga Tavrotni o‘rgatish mumkin emas.

 To‘g‘ri fikr: Musoning Qonunida uni butun Isroil xalqiga, jumladan, ayollar va bolalarga o‘qib berish kerakligi haqida farmon bor. Nega bunday qilish lozim? Bundan maqsad «ular bu Qonunning so‘zlarini tinglab, ularning hammasiga amal qilishni va Xudoyingiz Yahovadan qo‘rqishni o‘rgansinlar». (Qonunlar 31:10–12) c

 Noto‘g‘ri fikr: Tavrotda yashirin ma’no mujassam.

 To‘g‘ri fikr: Tavrotni yozgan Muso payg‘ambar unda yashirin ma’no mavjud demagan, aksincha, u aniq va uni hamma tushunishi mumkinligini aytgan. (Qonunlar 30:11–14) Tavrotda yashirin ma’no mujassam degan nazariya yahudiylikda keng tarqalgan Kabbala ta’limotlariga (insonning ilohiyot olami bilan aloqa qila olishiga ishonishga) borib taqaladi. Bu ta’limotlarning tarafdorlari Muqaddas Kitobni «uddaburona o‘ylab chiqarilgan hikoyalar» orqali talqin qilishadi d. (2 Butrus 1:16)

a «Kratkaya yevreyskaya ensiklopediya» 8- jild, 1002- sah. qarang.

b «Theologisal Wordbook of the Old Testament» kitobining 2- jild, 672–673- sah. qarang.

c Yahudiylarning rasmiy urf-odatlarida ko‘pincha Tavrotni ayollarga o‘rgatish taqiqlanardi. Bu esa Tavrotning o‘zida yozilganlarga zid edi. Masalan, Mishnada ravvin Eliezer ben Girkanning shunday so‘zlari keltirilgan: «Kimda-kim qiziga Tavrotni o‘rgatsa, unga beadablikni o‘rgatganday bo‘ladi». (Sota 3:4) Quddus Talmudida ham uning quyidagi so‘zlari yozilgan: «Tavrotni ayol kishini qo‘liga bergandan ko‘ra, kitobni olovda yoqib yuborgan afzal». (Sota 3:19a)

d Masalan, bir ensiklopediyada Kabbala ta’limotlari tarafdorlarining Tavrotga nisbatan nuqtai nazari shunday tushuntirilgan: «Tavrotning o‘zida muayyan bir ma’no yo‘q, lekin turli bosqichlarda o‘qilganda va talqin qilinganda u har xil ma’no kasb etishi mumkin». («Ensyslopaedia Judaisa» 11- jild, 659- sah.)