Asosiy materiallarga o‘tish

Yuzlab tillardagi video lavhalar

Yuzlab tillardagi video lavhalar

Yahova Shohidlari o‘zlarining tarjima ishlari bilan taniqlidirlar. Biz 2014-yil noyabr oyigacha Muqaddas Kitobni 125 ta tilga, unga asoslangan adabiyotlarni esa 742 ta tilga tarjima qildik. Shuningdek, tarjima ishimizga videolar ham kiradi. 2015-yil yanvar oyiga kelib «Yig‘ilish Zalida nimalar bo‘ladi?» nomli video lavha 398 ta tilga, «Nega Muqaddas Kitobni tadqiq qilish kerak?» nomli video lavha esa 569 ta tilga tarjima qilindi. Bu ish nega va qanday amalga oshirilyapti?

2014-yili mart oyida Yahova Shohidlarining Yetakchi kengashi barcha filiallarga birinchi navbatda, Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashga yordam beradigan video lavhalar uchun imkon qadar ko‘proq tillarda audio yozuvlar tayyorlashlari kerakligini aytdi.

Video mahsulotlarni tarjima qilishning bir nechta bosqichlari bor. Avvalambor, mahalliy tarjimonlar guruhi matnni tarjima qilishadi. Keyin, videodagi ovozlarga mos dublyorlar tanlanadi. Audio-video guruhi, tarjima qilingan tilning audiosini yozib oladi, yozib olingan ovozni qayta ishlaydi hamda ekranda ko‘rsatilgan matnni tayyorlaydi. Oxirida, audio, matn va video bitta fayl qilib birlashtirilib, tayyor mahsulot saytga qo‘yiladi.

Ba’zi filiallarda o‘zining ovoz yozish studiyasi va bu ishni bajarish uchun o‘rgatilgan kishilari ham bor. Lekin olis hududlarda gapiriladigan va tarjima qilinadigan tillar haqida nima desa bo‘ladi?

Dunyo bo‘ylab ovoz yozish bo‘yicha mutaxassislar portativ audio moslamalardan keng ko‘lamda foydalanishmoqda. Mutaxassislarimiz ovoz yozish dasturi o‘rnatilgan noutbukdan va mikrofondan foydalanib, studiyani ofisda, Yig‘ilish Zalida yoki uyda o‘rnatishi mumkin. Tarjima qilingan til ona tili bo‘lganlardan dublyor, rejissyor hamda korrektor tanlanadi. Ovoz yozish jarayoni yakunlanganidan keyin, yozilgan ovoz ma’qullansa, audio mutaxassis moslamalarni yig‘ishtirib, boshqa hududga ketishi mumkin.

Bu tufayli oldingiga qaraganda uch baravar ko‘proq tillarda videolarni tayyorlash imkoni ochildi.

Bu videolar aql bovar qilmas darajada samara bermoqda. Ko‘p odamlar uchun videolarimiz — ularning ona tilisidagi ilk videodir.

Video tarjima qilinayotgan tillardan biri — pijantjatjara tilidir. Mazkur tilda Avstraliyaning 2 500 dan ziyod aholisi gapiradi. Bu til Shimoliy hududning Alis-Springs nomli joyida yozib olindi. Ovoz yozib olinishida yordam bergan Kallan Tomas shunday deb bo‘lishdi: «Bu videolar katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Mahalliy kishilar planshetdan ko‘z uzmasdan videoni tomosha qilishadi va bunday videolarni qayerdan topish mumkinligini so‘rashadi. Mazkur tilda juda kam adabiyot mavjud. Shu sababli, ular ona tilida biror narsa eshitishsa va ayniqsa ko‘rishsa hayratlanishadi».

Kamerunlik ikkita va’zgo‘y daryoda kanoeda (qayiq) sayr qilayotganida pigmeylar qishlog‘ida to‘xtab, mahalliy maktabda dars beruvchi qishloq oqsoqoli bilan suhbatlashibdi. Oqsoqol bassa tilida gapirishini bilgach, birodarlarimiz uning ona tilisida «Nega Muqaddas Kitobni tadqiq qilish kerak?» nomli video lavhani ko‘rsatishibdi. Bu unga katta taassurot qoldiribdi va u ba’zi bir adabiyotlarimizdan berishlarini so‘rabdi.

Indoneziyaning bir qishlog‘idagi din rahbari Yahova Shohidlariga qarshi chiqib, o‘sha hududda tarqatilgan barcha adabiyotlarni yig‘ib yondirib yuboribdi. Boshqalar esa, do‘q-po‘pisa qilib Yig‘ilish Zalini yoqib yuborishni aytishdi. Keyinchalik to‘rtta polisiyachi imondoshimizning uyiga borib, uni va oilasini so‘roq qilishibdi. Ular Yig‘ilish Zalida nimalar bo‘lishi haqida qiziqishibdi. Shunda imondoshimiz ularga indonez tilida «Yig‘ilish Zalida nimalar bo‘ladi?» nomli video lavhani ko‘rsatibdi.

Video lavhani ko‘rib bo‘lgandan keyin polisiyachilardan biri shunday debdi: «Odamlar sizlar haqda noto‘g‘ri fikrda ekanligini va siz haqingizda umuman bilmasligini endi tushundim». Boshqasi esa, shunday deb so‘rabdi: «Bu videoni boshqalarga ko‘rsatish uchun o‘zimga olsam maylimi? Bu video sizlar haqingizda to‘g‘ri ma’lumotni yetkazib beradi». Hozir polisiyachilar Yahovaning Shohidlari haqida ijobiy nuqtai nazarda va ularni himoyalab kelyapti.

Agar siz bu videolarni ko‘rmagan bo‘lsangiz, ularni o‘zingizning ona tilingizda ko‘rishga nima xalaqit beryapti?