Asosiy materiallarga o‘tish

Darg‘azab ruhoniylarga muloyim javob

Darg‘azab ruhoniylarga muloyim javob

Armanistonda xizmat qilayotgan Artur ismli tuman noziri Yahova Shohidlarining jamoatlaridan biriga tashrif buyurdi. Artur va’zgo‘ylar hali jamoat joylarida adabiyot aravachasi bilan xizmat qilmaganini bilib oldi. Jamoatdagilarni bu xizmat turida ishtirok etishga undash maqsadida Artur, uning xotini Anna hamda Jirayr ismli va’zgo‘y kichkina shaharda adabiyot aravachasi bilan va’z qilgani chiqishdi. Ular odam gavjum bo‘lgan joyni tanlashdi.

Yo‘lovchilar qiziqish ko‘rsatib adabiyot olishni boshlashdi. Ammo ko‘p o‘tmay xizmatning bunday yangi turi dushmanlarning e’tiborini jalb qildi. Ikkita ruhoniy adabiyot aravachasi yoniga keldi. Ulardan bittasi esa kutilmaganda aravachani tepib yubordi. U Arturning yuziga tarsaki tushirib, uning ko‘zoynagini uchirib yubordi. Artur, Anna hamda Jirayr ruhoniylarni tinchlantirishga harakat qilishdi, lekin bu hech qanday samara bermadi. Ruhoniylar adabiyot aravachasini toptab, adabiyotlarni sochib yuborishdi. Shohidlarni haqoratlab, ularga dag‘dag‘a qilgach, ruhoniylar o‘z yo‘liga qaytishdi.

Artur, Anna hamda Jirayr shikoyat arizasini berish uchun mahalliy polisiya mahkamasiga borishdi. Ular polisiyachilar va boshqa ishchilarga bo‘lib o‘tgan voqeani hamda Muqaddas Kitob to‘g‘risida qisqacha gapirib berishdi. So‘ng ularni polisiyachilar boshlig‘ining xonasiga olib borishdi. Avval boshliq shikoyat arizasiga oid tafsilotlarni bilmoqchi bo‘ldi. Ammo u Arturning baquvvat bo‘la turib unga qo‘l ko‘targan kishiga javob qaytarmaganini eshitgach, mavzuni boshqa tomonga burdi. U Yahova Shohidlarining e’tiqodlari bilan qiziqib savollar bera boshladi. Suhbat naq to‘rt soat davom etdi! Eshitganlari boshliqqa shunchalik qattiq ta’sir etdiki, u: «Bu ajoyib din ekan. Sizlarga qo‘shilsam bo‘larkan!» — deya xitob qildi.

Artur va Anna

Keyingi kun Artur jamoat joyida yana va’z qilayotganida, o‘tgan kungi voqeaning guvohi bo‘lgan bir kishi uning yoniga keldi. Bu kishi Artur tinchlikni saqlab, ruhoniylar bilan olishmagani uchun uni maqtadi. Shuningdek, u bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng ruhoniylarni hurmat qilmay qo‘yganini aytdi.

O‘sha kuni oqshom payti polisiyachilar boshlig‘i Arturni polisiya mahkamasiga chaqirdi. Ammo ariza yuzasidan savollar berishning o‘rniga, Muqaddas Kitob to‘g‘risida bir qancha savollar berdi. Bu suhbatga ikkita polisiyachi ham qo‘shildi.

Keyingi kun Artur yana boshliqning yoniga kirdi. Ammo bu safar Muqaddas Kitobga asoslangan ba’zi videolarni ko‘rsatish maqsadida keldi. Boshliq bu videoni tomosha qilishi uchun boshqa polisiyachilarni ham chaqirdi.

Ruhoniylarning yomon xulq-atvori tufayli ko‘p polisiyachilarga ilk bor ajoyib tarzda shohidlik berildi. Bu esa ularda Yahovaning Shohidlari haqida yaxshi taassurot qoldirdi.