Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidlari bolalarini o‘z dinini qabul qilishga majburlashadimi?

Yahovaning Shohidlari bolalarini o‘z dinini qabul qilishga majburlashadimi?

 Yo‘q. Chunki Xudoga topinish har bir insonning shaxsiy qarori. (Rimliklarga 14:12) Yahovaning Shohidlari farzandlariga Muqaddas Kitob prinsiplarini o‘rgatishadi, ammo bolalari ulg‘ayganida Yahovaning Shohidi bo‘lish-bo‘lmaslikni ularning o‘zi tanlaydi. (Rimliklarga 12:2; Galatiyaliklarga 6:5)

 Ko‘p ota-onalar singari Yahovaning Shohidlari ham farzandlari yaxshi hayot kechirishini istashadi. Ular bolalariga foydali deb bilgan narsalar, jumladan, hunarga ega bo‘lish, axloqiy me’yorlar va diniy e’tiqodlar borasida ta’lim berishadi. Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitob hayotning eng yaxshi yo‘lidan yurishga undashiga ishonishadi. Shuning uchun ular farzandlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilish hamda jamoat uchrashuvlariga borish orqali undagi qadriyatlarni ularga payvand qilishadi. (Qonunlar 6:6, 7) Har bir bola katta bo‘lganidan keyin hammasini taroziga solib ko‘rib ota-onasining e’tiqodini qabul qilish yoki qilmaslik haqida o‘zi qaror chiqaradi.

 Yahovaning Shohidlari chaqaloqlarni suvga cho‘mdirishadimi?

 Yo‘q. Muqaddas Kitobda chaqaloqlarni suvga cho‘mdirish haqida hech nima aytilmagan. Masalan, unda yozilishicha, birinchi asrda yashagan masihiylar suvga cho‘mishdan oldin xushxabarni eshitishgan, uni «chin yurakdan qabul qilib», tavba qilishgan. (Havoriylar 2:14, 22, 38, 41) Demak, suvga cho‘mishdan oldin inson Muqaddas Kitob ta’limotlarini tushunadigan, ularga ishonadigan va bu ta’limotlar bo‘yicha yashash haqida qaror chiqaradigan darajada katta bo‘lishi kerak. Tabiiyki, chaqaloq bu narsalarni qila olmaydi.

 Bolalar ulg‘aygach, suvga cho‘mishni tanlashi mumkin. Biroq bu qadamni qo‘yish uchun ular buning mas’uliyatini tushunishlari kerak.

 Agar bolalari suvga cho‘mmasa Yahovaning Shohidlari ular bilan aloqani uzishadimi?

 Yo‘q. Garchi ota-onalar farzandlari ularning e’tiqodini qabul qilmaganidan xafa bo‘lishsa-da, ular bolalarini yaxshi ko‘rishadi va bolalari Yahovaning Shohidi bo‘lishni istamagani uchungina ular bilan aloqani uzishmaydi.

Har bir inson necha yoshda bo‘lishidan qat’i nazar suvga cho‘mish yoki cho‘mmaslik borasida o‘zi qaror chiqarishi kerak

 Nega Yahovaning Shohidlari bolalarini o‘zlari bilan va’zgo‘ylikka olib chiqishadi?

 Biz farzandlarimizni bir nechta sababga ko‘ra va’zgo‘ylikka olib chiqamiz a.

  •   Muqaddas Kitob ota-onalarni bolalariga Xudo haqida bilim berishga va Unga topinishni o‘rgatishga rag‘batlantiradi. (Efesliklarga 6:4) Xudoga topinish imon haqida ochiqdan-ochiq e’lon qilishni o‘z ichiga olgani uchun, va’zgo‘ylik ishi bolalarga Xudo haqida bilim berishda muhim o‘rinni egallaydi. (Rimliklarga 10:9, 10; Ibroniylarga 13:15)

  •   Muqaddas Kitob ayniqsa yoshlarni «Xudovand ismini madh qilishga» undaydi. (Zabur 148:12, 13; Turkiya 1998) Xudoni madh etishning asosiy yo‘li U haqida boshqalarga aytishdir b.

  •   Bolalar ota-onasi bilan va’zgo‘ylikda ishtirok etib amaliy foyda olishadi. Misol uchun, ular har xil insonlar bilan muloqot qilishni o‘rganishadi, shuningdek, rahmdillik, mehribonlik, boshqalarni hurmat qilish va fidoyilik kabi bebaho fazilatlarni rivojlantirishadi. Qolaversa, e’tiqodlari Muqaddas Kitobga asoslanganini yaxshiroq tushunib borishadi.

 Yahovaning Shohidlari bayram va marosimlarda ishtirok etishadimi?

 Yahovaning Shohidlari Xudoga ma’qul kelmaydigan diniy bayramlarda yoki boshqa marosimlarda ishtirok etishmaydi c. (2 Korinfliklarga 6:14–17; Efesliklarga 5:10) Misol uchun, biz butparastlikdan kelib chiqqan tug‘ilgan kun yoki Yangi yil kabi bayramlarda ishtirok etmaymiz.

 Lekin biz oila davrasida vaqt o‘tkazish va bolalarimizga sovg‘alar berishdan zavq olamiz. Biz yilning faqat muayyan kunlari yig‘ilib, sovg‘a berishning o‘rniga yil davomida o‘tirishlar tashkil qilib, bir-birimizga sovg‘alar ulashamiz.

Masihiy ota-onalar farzandlariga sovg‘alar berishni yaxshi ko‘rishadi

a Odatda Yahova Shohidlarining bolalari ota-onasi yoki yoshi katta boshqa kishi bilangina va’zgo‘ylikka chiqishadi.

b Muqaddas Kitobda o‘z e’tiqodi haqida boshqalarga gapirish orqali Xudoni mamnun qilgan bolalarning misollari bor. (4 Shohlar 5:1–3; Matto 21:15, 16; Luqo 2:42, 46, 47)

d Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.