Asosiy materiallarga o‘tish

Yahovaning Shohidi bo‘lish uchun nima qilishim kerak?

Yahovaning Shohidi bo‘lish uchun nima qilishim kerak?

 Matto 28:19, 20da Iso payg‘ambar Yahovaning Shohidi bo‘lish uchun qanday qadamlar qo‘yish kerakligini tushuntirgan. Bu oyatlardan odam Yahovaning Shohidi bo‘lishi uchun nima qilishi, masalan, Tangri Yahova haqida boshqalarga gapirishi yoki va’z qilishi kerakligini bilib olyapmiz.

 1-qadam. Muqaddas Kitob ta’limotlarini bilib oling. Iso izdoshlariga: «Shogird tayyorlanglar. Ularga... o‘rgatinglar»,— deb amr bergan. (Matto 28:19, 20) «Shogird» deb tarjima qilingan so‘z tom ma’noda «o‘rganuvchini» anglatadi. Muqaddas Kitob, ayniqsa, Iso Masihning ta’limotlari, baxtli va mazmunli hayotga erishishimiz uchun nima qilishimiz kerakligi borasidagi ma’lumotdan iborat. (2 Timo‘tiyga 3:16, 17) Muqaddas Kitob ta’limotlarini bilib olishingiz uchun uni siz bilan bepul tadqiq qilishdan xursand bo‘lamiz. (Matto 10:7, 8; 1 Salonikaliklarga 2:13)

 2-qadam. Bilib olganlaringizni amalda qo‘llang. Iso ta’lim olayotgan kishi u «amr etgan hamma narsaga amal qilishni» o‘rganishi ham lozim deb aytgan. (Matto 28:20) Muqaddas Kitob tadqiqi siz uchun shunchaki aqliy mashqqa aylanmasligi darkor. Aksincha, fikrlash tarzingizni va xulqingizni ijobiy tarafga o‘zgartirishga undashi darkor. (Havoriylar 10:42; Efesliklarga 4:22–29; Ibroniylarga 10:24, 25) Isoning amrlariga amal qiladiganlar uning izdoshi bo‘lib, hayotini Tangri Yahovaga bag‘ishlash uchun shaxsiy qaror chiqarishadi. (Matto 16:24)

 3-qadam. Suvga cho‘ming. (Matto 28:19) Muqaddas Kitobda suvga cho‘mish o‘lim bilan taqqoslangan. (Rimliklarga 6:2–4ni solishtiring.) Bu, oldingi hayot tarzidan kechib, uni yangidan boshlashni bildiradi. Odam suvga cho‘mganda, butun tanasi suvga cho‘mdiriladi. Shunda, buning shohidi bo‘lgan barcha, siz Iso yuqorida aytgan ikkita qadamni qo‘yganingizni va Xudodan toza vijdonga ega bo‘lishni so‘raganingizni ko‘radi. (Ibroniylarga 9:14; 1 Butrus 3:21)

Suvga cho‘mishga tayyor ekanimni qanday bilsam bo‘ladi?

 Jamoat oqsoqollari bilan suhbatlashing. Ular siz bilan gaplashib, olgan bilimlaringizni to‘g‘ri tushunayotganingizga, ularga amal qilayotganingizga va hayotingizni o‘z xohishingiz bo‘yicha Allohga bag‘ishlaganingizga ishonch hosil qilishadi. (Havoriylar 20:28; 1 Butrus 5:1–3)

Bu qadamlarni Yahova Shohidlarining farzandlari ham qo‘yishi kerakmi?

 Ha. Farzandlarimizga «Yahovaning tarbiyasini berib, Uning pand-nasihati bilan» katta qilamiz. (Efesliklarga 6:4) Biroq ular ulg‘aygani sayin, suvga cho‘mishdan oldin shaxsiy qaror qilib, Muqaddas Kitob ta’limotlarini o‘rganishi, tan olishi va amal qilishi muhim. (Rimliklarga 12:2) Chunki har bir odam Xudoga topinish borasida o‘zi qaror chiqarishi darkor. (Rimliklarga 14:12; Galatiyaliklarga 6:5)