Asosiy materiallarga o‘tish

«Yangi dunyo tarjimasi» aniqmi?

«Yangi dunyo tarjimasi» aniqmi?

 Muqaddas Kitobning «Yangi dunyo tarjimasi»ning birinchi qismi 1950-yili nashr etilgan. O‘shandan beri, ba’zilar «Yangi dunyo tarjimasi»ning a aniqligini shubha ostiga solishadi. Sababi, ayrim joylari Muqaddas Kitobning boshqa tarjimalaridan farq qiladi. Odatda ular bu tarjimaning quyidagi uchta xususiyati bilan bog‘liq:

  •   Ishonarli. «Yangi dunyo tarjimasi» zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va eng aniq qadimgi qo‘lyozmalar asosida qilingan. Masalan, 1611-yili chiqqan ingliz tilidagi keng tarqalgan «Qirol Jeyms Bibliyasi» odatda uncha aniq bo‘lmagan qo‘lyozmalarga va «Yangi dunyo tarjimasi»dan farqli ravishda qadimgi qo‘lyozmalarga asoslanmagan.

  •   To‘g‘ri. «Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi, Xudoning ilohiy ilhomi ostida yozgan kishilarning so‘zlari to‘g‘ri o‘girilishiga harakat qilgan. (2 Timo‘tiyga 3:16) Muqaddas Kitobni o‘girgan boshqa ko‘p tarjimonlar esa Xudoning xabarini to‘g‘ri yetkazishni emas, odamlarning urf-odatlarini ustun qo‘yishgan. Masalan, ular Allohning «Yahova» degan ismini «Egam» yoki «Xudo» kabi unvonlarga o‘zgartirishgan.

  •   So‘zma-so‘z. Erkin tarjimalarga qaraganda, «Yangi dunyo tarjimasi»da mumkin bo‘lgan joylarning hammasida so‘zma-so‘z tarjima qilingan, biroq asl matndagi fikr mujmal bo‘lib qolganda, so‘zma-so‘z tarjima qilinmagan. Muqaddas Kitobning asl matni hikoya tarzda o‘girilgan tarjimalarda, odamlarning nuqtai nazarini aks ettiradigan fikrlar qo‘shilishi yoki muhim tafsilotlar qolib ketishi mumkin.

«Yangi dunyo tarjimasi» bilan boshqa tarjimalarning farqi

 Aslida yo‘q kitoblar. Katolik va pravoslav cherkovlarining Muqaddas Kitoblariga apokrif deb ataladigan kitoblar (Muqaddas Kitobga kiritilmagan yahudiy yozuvlari) kiritilgan. Lekin bu kitoblar yahudiy kanonga kirmagan edi. Shuni aytish joizki, Xudoning Kalomiga binoan, aynan yahudiylarga «Allohning muqaddas so‘zlari ishonib topshirilgan». (Rimliklarga 3:1, 2) Shu bois, «Yangi dunyo tarjimasi»da, jumladan, Muqaddas Kitobning boshqa zamonaviy tarjimalarida apokrif kitoblar yo‘qligi mantiqan to‘g‘ri.

 Keltirilmagan oyatlar. Ayrim tarjimalarning matn tarkibiga, qadimgi qo‘lyozmalarda mavjud bo‘lmagan oyat va iboralar qo‘shilgan. Lekin «Yangi dunyo tarjimasi»da bunday qo‘shimchalar yo‘q. Zamonaviy tarjimalarning aksariyatida bunday qo‘shimcha oyatlar keltirilmaydi, keltirilgan taqdirda ham, ular ishonchga sazovor bo‘lgan manbalarning ko‘pida yo‘q ekanligi ko‘rsatiladi b.

 Turli so‘zlarning qo‘llanilishi. Ayrim oyatlarning so‘zma-so‘z tarjimasi noaniq yoki chalg‘itadigan. Misol uchun, Isoning Matto 5:3 dagi so‘zlari odatda «ruhan kambag‘al bo‘lganlar baxtlidir», deb o‘giriladi. (Turkiya, 1998) Ko‘plar «ruhan kambag‘al» deya tom ma’noda tarjima qilingan iborani tushunmaydi. Ba’zilarning o‘ylashicha esa, Iso kamtarlik yoki qashshoqlik afzalroq deb aytgan. Biroq Iso, haqiqiy baxt Xudoga muhtoj ekanligini tushunishdan iborat ekanini nazarda tutgan. U aytgan so‘zlarning aniq ma’nosi «Yangi dunyo tarjimasi»da «ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar» degan so‘zlar bilan o‘girilib, aniq ma’nosi yetkazilgan. (Matto 5:3)

Yahovaning Shohidlari bo‘lmagan olimlar «Yangi dunyo tarjimasi» haqida qanday fikrda?

  •   Edgar Gudspid ismli taniqli olim va Muqaddas Kitob tarjimoni ingliz tilidagi «Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar» to‘g‘risida 1950-yili 8-dekabrda xatida shunday deb yozgan: «Ta’lim berish faoliyatingiz va u qanchalar keng quloch yozgani meni juda ham qiziqtiradi. Tabiiy, aniq va jonli tarjimangiz ham yoqdi. Shunisi aniqki, uning ustidan nihoyatda ko‘p izlanishlar olib borilgan».

    Edgar Guspid

  •   Chikago universitetining Allen Uikgren ismli professori «Yangi dunyo tarjimasi»ni zamonaviy tarjimaning namunasi deb ta’kidladi. Sababi, bu nashr boshqa tarjimalarga asoslanmagan va unda ko‘p hollarda «ajoyib erkin iboralar» keltirilgan. («The Interpreter’s Bible», 1-jild, 99-sah.)

  •   Ingliz tilidagi «Yangi dunyo tarjimasi — Yunoncha yozuvlar» borasida britaniyalik ilohiyotshunos Aleksandr Tomson quyidagilarni yozgan: «Shubhasizki, bu tarjima ustidan qobiliyatli va mohir filologlar ishlashgan. Ular ingliz tilining imkoniyatlarini inobatga olib, asl matn ma’nosini yetkazishga harakat qilishgan». («The Differentiator», 1952-yil aprel, 52-sah.)

  •   Yozuvchi Charlz Fransis Potter ayrim g‘ayritabiiy iboralarga ko‘zi tushganini aytgan bo‘lsa-da, shunday dedi: «Ismlari noma’lum tarjimonlar eng sara qo‘lyozmalar, ya’ni ham yunoncha, ham ibroniycha matn mazmunini olimlarga xos mahorat va yondashuv bilan yetkazib berishgan». («The Faiths Men Live By», 300-sah.)

  •   Garchi Robert Makkoyaning fikricha, «Yangi dunyo tarjimasi» o‘ziga xos va afzalliklarga ega bo‘lsa-da, u shunday xulosaga keldi: «“Yangi ahd”ning tarjimasi [Yahovaning Shohidlari] orasida mutaxassislar borligini tasdiqlamoqda. Ular Muqaddas Kitob tarjimasi bo‘yicha tug‘iladigan ko‘p muammolarni hal qilishga layoqatli». («Andover Newton Quarterly, 1963-yil yanvar, 31-sah.)

  •   Professor Samyuel Makleyn Gilmor «Yangi dunyo tarjimasi»dagi ayrim iboralar bilan rozi bo‘lmagan bo‘lsa ham, tarjimonlari «yunoncha tilni juda ham yaxshi tushunishlarini» tan oldi. («Andover Newton Quarterly, 1966-yil sentabr, 26-sah.)

  •   «Yangi dunyo tarjimasi» haqidagi bir izohda professor Tomas Vinter quyidagilarni yozgan: «Noma’lum qolishni xohlagan tarjima qo‘mitasi tomonidan eng so‘nggi izlanishlarni inobatga olgan holda bu tarjima aniq va izchil tarzda qilingan». («The Slassical Journal», 1974-yil aprel–may, 376-sah.)

  •   1989-yili isroillik professor Binyamin Kedar-Kopfshteyn shunday fikr bildirgan: «Ibroniycha tilidagi Muqaddas Kitob va tarjimalar bilan bog‘liq tilshunoslik izlanishlarimda “Yangi dunyo tarjimasi” deb nomlanadigan ingliz tilidagi nashrga ko‘p marotaba murojaat qilaman. Har safar shunga amin bo‘lamanki, bu tarjimada asl matndagi ma’no imkon qadar aniqroq yetkazib berilishi uchun ko‘p mehnat qilingan».

  •   Ingliz tilidagi eng keng tarqalgan to‘qqizta tarjimani tahlil qilib, Jeyson Bedun ismli professor quyidagicha bo‘lishdi: «YADT [«Yangi dunyo tarjimasi»] ko‘rib chiqilgan tarjimalar orasida eng aniq bo‘lib chiqdi». Ko‘plar, ularning orasidagi ilohiyotshunoslar ham «Yangi dunyo tarjimasi»ning boshqa tarjimalardan farq qilishining sababi uni tarjima qilganlar o‘z diniy e’tiqodi asosida tarjima qilishgan, deb hisoblashadi. Biroq Jeyson Bedun bu haqda shunday dedi: «YADTning farq qilishi u aniq tarjima qilinganini ko‘rsatib turadi. Sababi, uni o‘girgan insonlar “Yangi ahd” mualliflari qo‘llagan iboralarni imkon qadar so‘zma-so‘z, o‘zgartirmay yetkazishgan». («Truth in Translation», 163-, 165-sah.)

a 2013-yili qayta ko‘rib chiqilgan ingliz tilidagi «Yangi dunyo tarjimasi» haqida gap ketyapti.

b Masalan, Turkiya tarjimasida Matto 17:21; 18:11; 23:14; Mark 7:16; 9:44, 46; 11:26; 15:28; Luqo 17:36; 23:17; Yuhanno 5:4 va Rimliklarga 16:24 qo‘shilgan. Bundan tashqari, u yerda 1 Yuhanno 5:7, 8 ga Muqaddas Kitob yozilib bo‘lganidan yuzlab yillar osha qo‘shilgan bir parcha bor bo‘lib, uchlik haqidagi ta’limotni olg‘a suradi.