Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-SABOQ

Chidamli bo‘lishni o‘rgating

Chidamli bo‘lishni o‘rgating

CHIDAMLI BO‘LISH NIMA DEGANI?

Chidamli inson to‘siq va qiyinchiliklarga uchrasa ham o‘zini o‘nglab oladi. Bunday qobiliyat tajriba bilan keladi. Kichkina bola yiqilmasdan turib yurishni o‘rgana olmagani singari, inson ham hayotda muammoga duch kelmay turib muvaffaqiyatga erishishni o‘rgana olmaydi.

NEGA CHIDAMLI BO‘LISH MUHIM?

Ba’zi bolalar muvaffaqiyatsizlikka, biron-bir kulfatga yoki tanqidga duch kelsa, umidsizlikka tushadi. Boshqalar esa butkul taslim bo‘ladi. Ammo ular quyidagi haqiqatlarni tushunishi muhim:

  •  Muvaffaqiyatsizlikdan umuman qochib qutulib bo‘lmaydi. (Yoqub 3:2)

  • Hammaning boshiga qiyinchiliklar tushadi. (Voiz 9:11)

  • Tanbehni qabul qilish foydamiz uchun xizmat qiladi. (Hikmatlar 9:9)

Chidamli bo‘lish bolangizga hayotdagi qiyinchiliklarga tik boqishga yordam beradi.

CHIDAMLI BO‘LISHGA QANDAY O‘RGATSA BO‘LADI?

Farzandingiz muvaffaqiyatsizlikka duch kelganida.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Odil kishi yetti marta yiqilsa ham, yana turadi». (Hikmatlar 24:16)

Bolangizga vaziyatga to‘g‘ri baho berishni o‘rgating. Masalan, u maktabda nazorat ishini topshira olmasa nima bo‘lishi mumkin? U taslim bo‘lib: «Qo‘limdan hech narsa kelmaydi!» — deb aytishi mumkin.

Bolangiz chidamli bo‘lishni o‘rganishi uchun, u muayyan ishni kelasi safar yaxshiroq bajarishiga yordamlashing. Shu yo‘sin, bolangiz muammoning yechimini topishga harakat qilib, xafa bo‘lib o‘tirmaydi.

Boshqa tomondan bolangizning o‘rniga muammoni hal qilishdan ehtiyot bo‘ling. Undan ko‘ra, muammoning yechimini o‘zi topishiga yordam bering. Misol uchun, imtihondan o‘ta olmasa undan: «O‘tilgan mavzuni yanada yaxshiroq o‘zlashtirish uchun nima qilsang bo‘ladi?» — deb so‘rang.

Boshga kulfat tushganda.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Ertaga sizlar bilan nima bo‘lishini bilmaysizlar». (Yoqub 4:14)

Hayot o‘zgaruvchan. Boy odam ertaga qashshoqlashib qolishi, bugun sog‘lom bo‘lgan kishi esa ertaga kasallikka duchor bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Doim ham yutuq tez yugurganga, jangda g‘alaba qudratliga... nasib etavermas ekan. Sababi, ularning bari vaqt va tasodifga duch keladi». (Voiz 9:11)

Ota-ona sifatida farzandingizni qo‘ldan kelgancha xavf-xatardan himoya qilish istagingiz tabiiy. Ammo shuni tan olish kerakki, bolangizni hayotdagi barcha qiyinchiliklardan asray olmaysiz.

Albatta, farzandingiz hali kichkina bo‘lgani uchun ishni yo‘qotish yoki moddiy qiyinchiliklar nimaligini bilmas. Ammo shunga qaramay, unga do‘sti bilan urishib qolish yoki yaqinini yo‘qotish kabi qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashishingiz mumkin *.

Bolangizni asosli tanqid qilishsa.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Kelajakda dono bo‘lishing uchun, maslahatga quloq sol». (Hikmatlar 19:20)

Kimdir farzandingizni asosli tanqid qilsa, ehtimol, u bolangizni qo‘rqitish yoki xafa qilish uchun emas, balki unga nimaning ustida ishlash muhimligini ko‘rsatish niyatida qilayotgandir.

Farzandingizga tanbehni qabul qilishni o‘rgatsangiz, ikkalangiz ham o‘zingizni qayg‘udan asragan bo‘lasizlar. Uchta bolaning otasi Jon shunday deydi: «Agar farzandlar o‘z xatosini tuzatishga o‘rganmasa, ular hech qachon buni uddalay olmaydi. Boz ustiga, ularning boshi muammodan chiqmay qoladi. Farzandlaringizning muammosini hal qilaman deb butun umringiz ketadi. Oqibatda bu ham ota-onani, ham bolani baxtsiz qiladi».

Qanday qilib bolangizga asosli tanqidning foydali tomonini ko‘rsata olasiz? Mabodo maktabda yoki boshqa joyda kimdir farzandingizni tanqid qilsa, bu o‘rinsiz tanbeh deb aytishdan o‘zingizni tiying. Aksincha, undan shunday deb so‘rashingiz mumkin:

  • «Nima deb o‘ylaysan, nega senga tanbeh berildi?»

  • «Qanday qilib o‘z ustingda ishlasang bo‘ladi?»

  • «Kelasi safar shunday vaziyatga tushsang nima qilasan?»

Esingizda bo‘lsin, asosli tanqid bolangizga nafaqat hozir, balki katta bo‘lganida ham foyda keltiradi.

^ 21- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2008-yil, 1-oktabr sonidagi «Bolangizga g‘am-g‘ussani boshdan kechirishiga ko‘maklashing» nomli maqolaga qarang.