Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-SABOQ

Kattalarning pand-nasihati bebaho

Kattalarning pand-nasihati bebaho

KATTALARNING PAND-NASIHATI NIMANI O‘Z ICHIGA OLADI?

Bolalar kattalarning yo‘l ko‘rsatishiga va pand-nasihatiga muhtoj bo‘lishadi. Ota-ona ekansiz, buni a’lo darajada bajara olasiz; axir bu sizning burchingiz. Lekin boshqa kattalar ham bolangizga yordamlashishi va maslahat berishi mumkin.

NEGA KATTALARNING PAND-NASIHATI MUHIM?

Ko‘p mamlakatlarda yoshlar kattalar bilan juda kam vaqt o‘tkazishadi. Quyidagilarga e’tibor qarating:

  • Bolalar aksariyat vaqtini maktabda o‘tkazishadi. U yerda o‘qituvchilar va boshqa kattalarga qaraganda o‘quvchilar ko‘proq bo‘ladi.

  • Maktabdan keyin ayrim bolalar uyga qaytganida uyda hech kim bo‘lmaydi, chunki ota-onasi ishda bo‘lishadi.

  • Qo‘shma Shtatlarda o‘tkazilgan bir tadqiqotga ko‘ra, 8–12 yosh oralig‘ida bo‘lgan bolalar kuniga o‘rtacha hisobda olti soat vaqtini televizor ko‘rish, musiqa tinglash va video o‘yinlar o‘ynashga sarflashadi *.

Bir kitobda shunday deyilgan: «Yoshlar ko‘rsatma, o‘rnak va yo‘l-yo‘riq olish uchun onasiga, otasiga, o‘qituvchilariga yoki boshqa kattalarga emas, balki... o‘z tengdoshlariga murojaat qilishyapti». («Hold On to Your Kids»)

PAND-NASIHATNI QAY YO‘SIN BERISH MUMKIN?

Bolangiz bilan birga vaqt o‘tkazing.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Bolani tarbiyalab, to‘g‘ri yo‘lga sol, hatto ulg‘ayganda ham undan og‘maydi». (Hikmatlar 22:6)

Bolalar odatda ota-onasidan yo‘l-yo‘riq kutishadi. Mutaxassislarning fikricha, bolalar o‘smir yoshga kirganda ham tengdoshlaridan ko‘ra, ota-onasining maslahatini ko‘proq qadrlashadi. «O‘smirlik chog‘ida va balog‘at yoshiga qadam qo‘ygan davrda bolaning muayyan narsalarga munosabati va xulq-atvori shakllanishida ota-onaning ta’siri juda katta bo‘ladi,— deydi o‘z kitobida professor Lorens Staynberg. — O‘smirlar buni doim ham tan olmasa-da va aytganlaringizga doim ham qo‘shilmasa-da, ular fikrlaringiz va aytganlaringizga befarq emas». («You and Your Adolescent»)

Bolangizning sizdan yo‘l-yo‘riq olishdek tabiiy istagidan foydalanib qoling. U bilan vaqt o‘tkazing, nuqtai nazaringiz, qadriyatlaringiz va tajribangiz bilan bo‘lishing.

Chin do‘st topishiga ko‘maklashing.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Dono bilan yurgan dono bo‘ladi». (Hikmatlar 13:20)

Tanishlaringiz orasida o‘smir farzandingizga yaxshi o‘rnak bo‘la oladigan yoshi katta inson bormi? Ehtimol, undan o‘g‘lingiz yoki qizingiz bilan vaqt o‘tkazishini so‘rarsiz. To‘g‘ri, bu sizni ota-onalik burchidan ozod qilmaydi. Biroq ishonchli odamingizning pand-nasihati bolangizga zarar qilmaydi, aksincha, siz berayotgan tarbiyaga yaxshi qo‘shimcha bo‘ladi. Muqaddas Kitobda tilga olingan Timo‘tiy balog‘atga yetgan bo‘lsa ham, havoriy Pavlus bilan birga vaqt o‘tkazishdan ko‘p foyda olgan. Pavlusga ham Timo‘tiy bilan do‘stligi ulkan quvonch keltirgan. (Filippiliklarga 2:20, 22)

Bugungi kunda ko‘pgina oilalar bir uyda yoki bir-biriga qo‘shni bo‘lib yashamaydi. Ko‘pincha bobo-buvilar, amaki-tog‘alar, amma-xolalar va boshqa qarindoshlar dunyoning turli joylarida yashashadi. Agar siz ham shunday vaziyatda bo‘lsangiz, siz bolangizda ko‘rishni istaydigan fazilatlarga ega yoshi katta insonlarni tanlab, bolangiz ular bilan vaqt o‘tkazishiga sharoit yarating.

^ 9- x.b. Ushbu tadqiqotning ko‘rsatishicha, o‘smirlar kuniga o‘rtacha hisobda taxminan to‘qqiz soat vaqtini televizor ko‘rish, musiqa tinglash va video o‘yinlar o‘ynashga sarflashadi. Kichkina va o‘smir bolalar maktabda yoki uy vazifalarini bajarayotganda qancha vaqt Internetda o‘tirishi mazkur statistikaga kiritilmagan.