Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

A1

Muqaddas Kitob tarjimasi prinsiplari

Muqaddas Kitobning asl matni ibroniy, oromiy va yunon tillarida yozilgan. Bugungi kunda bu kitob to‘liq yoki qisman 3000 dan ziyod tilda mavjud. Muqaddas Kitobni o‘qiydigan kishilarning aksariyati asl nusxadagi tillarni tushunmaydi. Shu bois, uning tarjimasini o‘qishadi. Muqaddas Kitob tarjimasida muayyan prinsiplarga rioya etiladi. Quyida keltirilgan prinsiplar «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» asosini tashkil etadi.

Ayrimlar so‘zma-so‘z, satrma-satr tarjima o‘quvchiga asl nusxadagi fikrlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi deb o‘ylaydi. Lekin doim ham shunday bo‘lavermaydi. Keling, buning ba’zi sabablarini ko‘rib chiqaylik.

  • Grammatikasi, so‘z boyligi va gap tuzilishi birday bo‘lgan tillar yo‘q. Ibroniy tili professori S. R. Drayverning aytishicha, tillar «nafaqat grammatika va tub so‘zlar bo‘yicha, balki... fikrlarning ifoda etilishiga ko‘ra farq qiladi». Har bir tilda o‘z fikrlash tarzi mavjud. «Demak, tillar bir-biridan gap tuzilishi bilan farq qiladi»,— deb ta’kidladi professor Drayver.

  • Zamonaviy tillarning hech biri qadimgi ibroniy, oromiy va yunon tillarining grammatikasi hamda so‘z boyligini to‘liq aks ettira olmaydi. Shu sababli, Muqaddas Kitob so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, u tushunarsiz bo‘lishi, hatto yanglish fikr tug‘dirishi mumkin.

  • So‘z yoki gapning ma’nosi matn tarkibiga bog‘liq bo‘ladi.

Ba’zi joylarda tom ma’noda tarjima qilishning imkoni bo‘lishi mumkin, ammo bunday hollarda o‘ta diqqatli bo‘lish lozim.

Quyida so‘zma-so‘z tarjima yanglish fikr tug‘dirishi haqida ayrim misollar keltirilgan:

  • Muqaddas Yozuvlarda «uxlash» so‘zi ba’zi vaziyatlarda ham oddiy uyquni, ham o‘lim uyqusiga ketishni anglatadi. (Matto 28:13; Yuhanno 11:11) Ushbu so‘z o‘limni bildiruvchi matn tarkiblarida qo‘llanilganda, «hayotdan ko‘z yumdi» yoki «olamdan o‘tdi» deya tarjima qilinsa, o‘quvchi to‘g‘ri tushuna oladi. (1 Korinfliklarga 7:39; 1 Salonikaliklarga 4:13; 2 Butrus 3:4)

  • Havoriy Pavlus Efesliklarga 4:14 da so‘zma-so‘z «odamlarning oshiq o‘yini» deb tarjima qilinadigan iborani qo‘llagan. Ushbu qadimgi ibora oshiq o‘ynalganda boshqalarni aldashga ishora qiladi. Ko‘p tillarda bu iboraning tom ma’nodagi tarjimasi hech qanday ma’no bermaydi. Bu ibora «ayyorlik bilan yo‘ldan uradigan odam», deya tarjima qilinsa, fikr to‘g‘ri yetkaziladi.

  • Rimliklarga 12:11 da tom ma’nosi «ruhning qaynashi» bo‘lgan yunoncha ibora qo‘llanilgan. O‘zbek tiliga shundayligicha tarjima qilinsa, ma’nosi to‘g‘ri yetkazilmaydi. Shu sababli, «ilohiy ruh ta’sirida g‘ayratli bo‘linglar», deya tarjima qilingan.

  • MATTO 5:3

    So‘zma-so‘z: «ruhan kambag‘al bo‘lganlar»

    Ma’nosi: «ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar»

    Iso payg‘ambarning mashhur Tog‘dagi va’zida, ko‘pincha so‘zma-so‘z «ruhan kambag‘al bo‘lganlar baxtlidir» deya tarjima qilinadigan ibora ishlatilgan. (Matto 5:3, Turkiya 1998) Ammo aksariyat tillarda tom ma’nodagi ushbu ibora tushunarsiz. Ayrim tillarda esa bu ibora odam ruhan xasta, irodasiz va qat’iyatsiz degan fikrni beradi. Biroq Iso bu iborani insonning baxti jismoniy ehtiyojlarini qondirishiga emas, balki Allohning yo‘l-yo‘rig‘iga muhtoj ekanini tushunishiga bog‘liq ekanini ko‘rsatish uchun qo‘llagan. (Luqo 6:20) Shunday ekan, «ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar» yoki «Xudoga muhtoj ekanligini tushunganlar», deya tarjima qilish asl nusxadagi fikrni aniq yetkazadi. (Matto 5:3)

  • «Rashk», «hasad» deya tarjima qilingan ibroniycha so‘zning ma’nosi o‘zbek tilidagi so‘zlarning ma’nosiga uyg‘un bo‘lib, yaqin odamning bevafoligidan g‘azablanish yoki o‘zgalar mulkiga hasad qilish fikrini beradi. (Hikmatlar 6:34; Ishayo 11:13) Lekin ushbu ibroniycha so‘z ijobiy mazmunda ham qo‘llaniladi. Masalan, Yahova O‘z xizmatchilariga kuchli «g‘ayratini» yoki himoya qilish qudratini ko‘rsatishi, ulardan «mutlaq sadoqatni talab etishi» haqida yozilgan joylarda asl matnda bu so‘z ishlatilgan. (Chiqish 34:14; 4 Shohlar 19:31; Hizqiyo 5:13; Zakariyo 8:2) Shuningdek, bu so‘z sodiq xizmatchilarining Tangriga bo‘lgan «rashkini», Unga va topinishga nisbatan «bevafolik qilinishiga chidab turolmasligini» ifodalash uchun qo‘llanilgan. (Zabur 69:9; 119:139; Sahroda 25:11)

  • Ibroniycha yad so‘zi odatda «qo‘l» deya tarjima qilinsa-da, matn tarkibiga qarab, «qudrat», «hokimiyat», «saxiylik» va boshqa so‘zlar bilan tarjima qilinishi mumkin

    Ibroniycha «qo‘l» so‘zi keng ma’noda ishlatiladi. Matn tarkibiga qarab, bu so‘zni «qudrat», «hokimiyat» yoki «saxiylik» deya tarjima qilsa bo‘ladi. (Qonunlar 32:27; 2 Shohlar 8:3; 3 Shohlar 10:13) Shuning uchun o‘zbek tilidagi «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasida» bu so‘z turlicha o‘girilgan.

Yuqoridagi omillarga ko‘ra, Muqaddas Kitobni tarjima qilganda, asl nusxadagi muayyan so‘zni hamma joyda bir xil tarjima qilmagan yaxshi. Tarjimon asl nusxadagi fikrlarni ona tilida aniq ifodalaydigan so‘zlarni topa bilishi kerak. Bundan tashqari, matn aniq va o‘qilishi oson bo‘lishi uchun, gaplar tuzilishi ona tilining grammatika qoidalariga uyg‘un bo‘lishi darkor.

Shu bilan bir vaqtda, erkin tarjima qilishdan ehtiyot bo‘lish lozim. Muqaddas Kitobni o‘zi anglaganday erkin ifodalaydigan tarjimon, kitob mazmuniga putur yetkazadi. Boisi, u yanglishib asl nusxada yo‘q fikrni yozishi yoki muhim tafsilotlarni tushirib qoldirishi mumkin. Erkin tarjimaning o‘qilishi oson bo‘lsa-da, asl nusxadagi to‘g‘ri fikr o‘quvchidan yashirin bo‘lib qoladi.

Tarjimonning diniy e’tiqodi ham tarjimaga osonlikcha o‘z muhrini bosishi hech gap emas. Misol uchun, Matto 7:13 da: «Halokatga olib boradigan yo‘l keng va enli»,— deb aytilgan. Ba’zi tarjimonlar, ehtimol, o‘z diniy e’tiqodlari ta’siri ostida, aslida «halokat» degan ma’noga ega yunoncha so‘zni «do‘zax» deya o‘girishgan.

Tarjimonlar, shuningdek, Muqaddas Kitob oddiy tilda — dehqonlar, cho‘ponlar va baliqchilar kundalik hayotda qo‘llaydigan tilda yozilganini yodda tutishlari darkor. (Naximiyo 8:8, 12; Havoriylar 4:13) Xullas, yaxshi tarjima qilingan Muqaddas Kitob kelib chiqishi turlicha bo‘lgan barcha samimiy insonlarga tushunarli bo‘lishi lozim. Darhaqiqat, oddiy o‘quvchi kamdan-kam qo‘llaydigan so‘zlardan ko‘ra, sodda, tushunishga oson so‘zlarni ishlatgan yaxshiroqdir.

Muqaddas Kitobning qadimgi qo‘lyozmalarida Xudoning Yahova ismi yozilgan bo‘lsa-da, ko‘p tarjimonlar o‘zbilarmonlarcha bu ismni tarjimalaridan asossiz olib qo‘yishgan. (Ilovaning A4 mavzusiga q.) Aksariyat tarjimonlar bu ismni «Rab» kabi unvonga almashtirgan, ba’zilari hatto Allohning ismi borligini yashirishga uringan. Masalan, ayrim tarjimalarda Yuhanno 17:26 dagi Isoning ibodati: «Seni ularga ma’lum qildim»,— deya, Yuhanno 17:6 dagi so‘zlari esa: «Menga bergan odamlaringga Seni oshkor etdim»,— deya o‘girilgan. Aslida esa, ushbu ibodatning to‘g‘ri tarjimasi quyidagicha: «Ismingni ularga ma’lum qildim» va «Menga bergan odamlaringga ismingni oshkor etdim».

«Yangi dunyo tarjimasi» nomli ingliz tilidagi ilk nashrning kirish so‘zlarida shunday deyilgan: «Taqdim etilgan nashr Muqaddas Yozuvlarning erkin tarjimasi emas. Biz matnni bugungi ingliz tiliga imkon qadar tom ma’noda tarjima qilishga urindik. Fikrlar g‘ayritabiiy bo‘lib qolgan joylarda so‘zma-so‘z o‘girmaslikka harakat qildik». Shu tariqa, «Yangi dunyo tarjimasi» qo‘mitasi muvozanatni saqlagan holda, asl nusxadagi so‘zlar va iboralarni qo‘llash bilan bir vaqtda o‘qilishi g‘alati yoki asl mazmunni mujmal qiladigan ifodalarni ishlatmaslikka intildi. Natijada, Muqaddas Kitob o‘qilishga oson tarzda tarjima qilindi va o‘quvchi ilhomlantirilgan xabar to‘g‘ri yetkazilganiga amin bo‘lishi mumkin. (1 Salonikaliklarga 2:13)