Asosiy materiallarga o‘tish

Muqaddas Kitob o‘zgartirilganmi?

Muqaddas Kitob o‘zgartirilganmi?

 Yo‘q. Qadimgi qo‘lyozmalarni solishtirish shuni ko‘rsatyaptiki, Muqaddas Kitob minglab marotaba tez chirib ketadigan materiallarga ko‘chirib yozilgan bo‘lishiga qaramay umuman olganda o‘zgarmagan.

Bu Muqaddas Kitobni ko‘chirib yozayotganda umuman hech qanday xatoga yo‘l qo‘yilmaganini anglatadimi?

 Muqaddas Kitobning minglab qadimiy qo‘lyozmalari topilgan. Ularning ayrimlarida bir qancha farq, jumladan, ko‘chirib yozish davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar bor. Ushbu xatolarning aksariyati arzimas va matn ma’nosiga ta’sir qilmaydi. Biroq bir nechta salmoqli o‘zgarishlar ham topilgan. Ulardan ayrimlari qadimdayoq Muqaddas Kitobdagi xabarni o‘zgartirish uchun atayin kiritilganga o‘xshaydi. Ulardan ikkitasini ko‘rib chiqaylik:

  1.   Muqaddas Kitobning ayrim qadimiy tarjimalarida 1 Yuhanno 5:7 da quyidagi so‘zlar mavjud: «...samoda Ota, Kalom va Muqaddas Ruh bor: va ularning uchovi bir». Biroq ishonchli qo‘lyozmalar bu so‘zlar asl matnda yo‘qligini tasdiqlamoqda. Ular keyinchalik qo‘shib qo‘yilgan a. Shu sababli, Muqaddas Kitobning ishonchli zamonaviy tarjimalarida bu so‘zlar yo‘q.

  2.   Xudoning shaxsiy ismi Muqaddas Kitobning qadimiy qo‘lyozmalarida minglab marotaba uchraydi. Shunga qaramay, Muqaddas Kitobning ko‘plab tarjimalarida bu ism «Ega» yoki «Xudo» kabi unvonlarga almashtirilgan.

Muqaddas Kitobda hali aniqlanishi mumkin bo‘lgan boshqa xatolar yo‘qligiga qanday amin bo‘la olamiz?

 Hozirgi kunda shunchalik ko‘p qadimiy qo‘lyozmalar topilganki, Muqaddas Kitobda xato bor-yo‘qligini osonlikcha aniqlash mumkin b. Ushbu hujjatlarni solishtirish natijasida bu kitobning aniqligi haqida nimalar oshkor bo‘ldi?

  •   Ibroniycha yozuvlarning yoki Tavrotning matni borasida olim Vilyam X. Grin shunday dedi: «Aminlik bilan aytish mumkinki, qadimiy asarlarning hech biri shunchalik aniq yetkazib berilmagan».

  •   Injil yoki Yunoncha yozuvlar haqida Muqaddas Kitob bo‘yicha olim F. F. Bryus quyidagilarni yozdi: «Aksariyat klassik yozuvchilarning asarlari ishonchli ekanini tasdiqlaydigan dalillardan ko‘ra, Yangi ahd [Injil] ishonchli ekanini tasdiqlovchi dalillar ancha ko‘proq. Lekin o‘sha asarlarni shubha ostiga qo‘yish hech kimning xayoliga ham kelmaydi».

  •   Muqaddas Kitob qo‘lyozmalari bo‘yicha taniqli mutaxassis Frederik Kenonning aytishicha, «to‘liq Muqaddas Kitobni ushlab turgan kishi qo‘rqmay va hech ikkilanmay, asrlar osha avloddan avlodga jiddiy o‘zgarishlarsiz yetib kelgan Xudoning haqiqat Kalomini qo‘lida tutib turganini ayta oladi».

Bizgacha yetib kelgan Muqaddas Kitob aniq ekaniga ishonishimiz uchun yana qanday sabablar bor?

  •   Yahudiy va masihiy ko‘chirib yozuvchilar Xudoning xalqi jiddiy xatolar qilgani haqidagi voqealarni boricha saqlab qolishgan c. (Sahroda 20:12; 2 Shohlar 11:2–4; Galatiyaliklarga 2:11–14) Shuningdek, ular Yahudiy xalqi itoatsizligi tufayli hukm qilingani haqidagi hamda insoniy ta’limotlarning noto‘g‘ri ekanini fosh etuvchi oyatlarni olib qo‘yishmagan. (Ho‘sheya 4:2; Malaki 2:8, 9; Matto 23:8, 9; 1 Yuhanno 5:21) Bu voqealarni boricha ko‘chirib yozgani bilan ular ishonchli ekanini va Xudoning muqaddas Kalomini yuqori qadrlaganini ko‘rsatishgan.

  •   Nahotki Muqaddas Kitob yozilishiga g‘amxo‘rlik qilgan Xudo uni o‘zgartirishlariga yo‘l qo‘ysa?! d (Ishayo 40:8; 1 Butrus 1:24, 25) Axir U Muqaddas Kitob nafaqat qadimda yashagan xalqiga, balki bizlarga ham foyda keltirishini istagan. (1 Korinfliklarga 10:11) Chindan ham, «qadimda Muqaddas Yozuvlarda aytilgan barcha narsalar nasihat olishimiz uchun yozilgan. Toki ular tufayli sabr-bardoshli bo‘lib hamda tasalli topib, umidga ega bo‘laylik». (Rimliklarga 15:4)

  •   Iso va uning izdoshlari Ibroniycha yozuvlarning nusxalaridan iqtibos keltirishganida, qadimgi matn o‘zgarmaganiga aslo shubha qilishmagan. (Luqo 4:16–21; Havoriylar 17:1–3)

a Sinay va Aleksandriya kodeksi, Vatikan qo‘lyozmasi (1209), lotin Vulgatasining asl matni, Felosenian va Harklinning suryoniycha tarjimasi yoki suryoniycha Peshittada bu so‘zlar mavjud emas.

b Masalan, Muqaddas Kitobning yunon tilidagi Injil qismi yoki Yunoncha yozuvlarning 5 000 dan ziyod qo‘lyozmalari topilgan.

c Muqaddas Kitobda Xudoning xizmatchilari mukammal qilib ko‘rsatilmagan. Unda: «Gunoh qilmaydigan odam yo‘q»,— deya bor haqiqat aytilgan. (3 Shohlar 8:46)

d Muqaddas Kitobga ko‘ra, Xudo nimani yozishni so‘zma-so‘z aytib turmagan bo‘lsa-da, Uning so‘zlarini qalamga olgan kishilarning fikrlarini yo‘naltirib turgan. (2 Timo‘tiyga 3:16, 17; 2 Butrus 1:21)