Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Ayriliqni qanday yengish mumkin?

Ayriliqni qanday yengish mumkin?

 Stiven shunday dedi: «Sevgilim bilan orani ochiq qilganimizda, rosa yomon bo‘ldim. Umrimda o‘zimni bunday his etmagan edim».

 Siz ham bunga duch kelganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, bu yerdagi fikrlar sizga yordam berishi mumkin.

 Yaralangan qalb

 Ayriliq ikki tomon uchun ham og‘riqli.

  •  Agar orani ochiq qilish fikri sizdan chiqqan bo‘lsa, Jasminning quyida bo‘lishgan so‘zlariga qo‘shilarsiz: «Sizga g‘amxo‘rlik qilgan insonning qalbini tilka-pora qilish juda og‘riqli, vijdon azobi tinch qo‘ymaydi. Umid qilamanki, bu ikkinchi marta takrorlanmaydi».

  •  Agar orani ochiq qilish fikri sizdan chiqmagan bo‘lsa, ehtimol, nega ayriliqni kichik o‘lim bilan solishtirishlarini bilarsiz. Janet ismli qiz shunday deb bo‘lishdi: «Meni har xil tuyg‘ular chulg‘ab oldi, ayrilganimizni tan olishni istamas edim, g‘azabim qaynardi, yigitimni qaytarmoqchi bo‘ldim, tushkunlikka tushdim va oxiri, deyarli bir yil o‘tgach, o‘zimni qo‘lga oldim».

 Xulosa. Ayriliq tufayli odam tushkunlikka tushishi va ko‘ngli sinishi mumkin. Hikmatlar 17:22da: «Ezilgan ruh esa suyaklarni quritadi»,— deb yozilgan.

 Nima qila olasiz?

  •  Yetuk inson bilan dardlashing. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Chin do‘st hamma vaqt sevadi, og‘ir damda birodariga tayanch bo‘ladi». (Hikmatlar 17:17) Ota-onangizga yoki yetuk do‘stingizga qalbingizni to‘kib solish, o‘zingizni qo‘lga olishga ko‘maklashadi.

     «Bir necha oy davomida o‘zimni boshqalardan olib qochardim va tuyg‘ularimni hech kimga aytmadim. Lekin do‘stlar oyoqqa turishingizga yordam berishi mumkin. Ichimdagini to‘kib solmagunimcha o‘zimni yengil his qilmadim». (Janet)

  •  Bo‘lib o‘tgandan saboq oling. Hikmatlar 4:5da esa: «Donolig-u zakovatga ega bo‘l»,— deb yozilgan. Yoqimsiz vaziyatlarni boshdan kechirib, o‘zingiz haqingizda ancha narsani bilasiz va tushkunlikni qay yo‘sin yenga olishingiz mumkinligiga o‘rganasiz.

     «Yoqtirgan insonimdan ayrilganimda, bir do‘stim mendan shunday deb so‘radi: “Bu munosabatlardan qanday saboq oldingiz? Bu kelajakda yana kimdir bilan uchrashsangiz sizga qanday qo‘l keladi?”» (Stiven)

  •  Ibodat qiling. Muqaddas Kitobda: «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi»,— deyilgan. (Zabur 55:22) Ibodat sizga qayg‘u-alamni yengib, vaziyatga boshqacha qarashingizga yordam berishi mumkin.

     «Tinmay ibodat qiling. Yahova dard-u alamingizni tushunadi, vaziyatni sizdan yaxshiroq biladi». (Marsiya)

  •  Boshqalarga yordam bering. Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4) Qancha ko‘p boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zsangiz, shuncha tez oyoqqa turib keta olasiz.

     «Ayriliq dastidan bo‘ldi hammasi tugadi degan xayolga borasiz va bu jismoniy og‘riqqa qaraganda ancha azoblidir. Lekin bora-bora vaziyatim yaxshilandi. Buning uchun vaqt kerak bo‘ldi, men oyoqqa turdim». (Evelin)