Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Depressiyani qanday qilib yenga olaman?

Depressiyani qanday qilib yenga olaman?

 Kurashishning samarali yo‘llarini topsangiz, o‘zingizni yaxshiroq his eta olasiz!

 Nima qilgan bo‘lardingiz?

 Quyidagi vaziyatlar haqida o‘ylab ko‘ring:

 Endi Jenniferni hech nima quvontirmayapti. Jiddiy sabab bo‘lmasa-da, u har kuni o‘zini to‘xtata olmay yig‘laydi. U o‘zini odamlardan olib qochadi; ishtahasi ham yo‘q. Uyqusi qochgan, xayolini bir joyga jamlashga qiynaladi. Jennifer shunday o‘ylaydi: «Men bilan nimalar bo‘lyapti? O‘zimni oldingiday his eta olamanmi?»

 Mark namunali o‘quvchilardan edi. Ammo hozir maktabni umuman yoqtirmaydi, baholari ham pasayib ketgan. Qachondir unga quvonch keltirgan sport bilan shug‘ullanishga kuchi yo‘q. Uning do‘stlari hayron. Ota-onasi esa xavotirda. Bu shunchaki balog‘at yoshiga o‘tish davrimi yoki boshqa narsami?

 O‘zingizni tez-tez Jennifer yoki Mark kabi his etasizmi? Agar shunday bo‘lsa, nima qilsangiz bo‘ladi? Quyida ikkita usul bor:

  1.   Yolg‘iz kurashish

  2.   Ishonchli yoshi katta inson bilan bo‘lishish

 Ayniqsa, kim bilandir suhbatlashishni istamasangiz, A usul sizga ko‘proq yoqishi mumkin. Lekin bu usulni tanlash dono qaror bo‘larmidi? Muqaddas Kitobda shunday fikr bor: «Ikki kishi bo‘lgan yaxshiroq, chunki... Ulardan biri yiqilsa, sherigi turishga yordamlashadi. Ammo yiqilganda turg‘izadigan sherigi yo‘q odamning holi nima kechadi?» (Voiz 4:9, 10)

 Tasavvur qiling, jinoyat avjiga chiqqan hududda adashib qoldingiz. Qorong‘i va har burchakda notanish kishilar yashirinib turibdi. Nima qilgan bo‘lardingiz? Yo‘lni o‘zingiz topishga harakat qilishingiz mumkin. Ammo ishongan odamingizdan yordam so‘rash dono tanlov bo‘lmasmidi?

 Depressiyani shunday xavfli hududga o‘xshatish mumkin. To‘g‘ri, vaqtincha tushkunlik o‘zi o‘tib ketar, ammo ruhiy tushkunlik uzoq davom etsa, yordam izlash yaxshiroq bo‘lardi.

 MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Boshqalardan ajralgan... donolikni rad etadi». (Hikmatlar 18:1)

 B usul, ya’ni ota-onangiz yoki yoshi katta ishonchli kishi bilan suhbatlashish sizga foyda keltirishi mumkin. Salbiy his-tuyg‘ularini boshqarishni o‘rgangan kishilarning tajribasi asqatadi.

 Balki quyidagicha o‘ylarsiz: «Ota-onam his-tuyg‘ularimni umuman tushuna olmaydi!» Xo‘sh, bunga aminmisiz? Balki ular o‘smirligida boshqacha vaziyatlarga duch kelgandir, ammo his-tuyg‘ulari siznikiga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Ehtimol, ular chorasini bilar.

 MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Hikmat yoshi ulug‘larda, aql-idrok esa uzoq umr kechirganlarda emasmi?» (Ayub 12:12)

 Saboq: ota-onangiz yoki yoshi katta ishonchli kishi bilan dardlashsangiz, ular sizga dono maslahat berishi mumkin.

Depressiya bilan kurashishni xavfli hududda adashib qolish bilan solishtirish mumkin. Yo‘lni topish uchun yordam izlashingiz kerak

 Agar bu kasallik bo‘lsa-chi?

 Agar ruhingiz har kuni tushaversa, ehtimol, bu kasallik, masalan, klinik (yoki katta) depressiya bo‘lishi mumkin va uni davolash kerak.

 Yoshlikda klinik depressiyaning belgilari o‘smirlik davridagi tushkunlik bilan ancha o‘xshash bo‘lishi mumkin. Ammo o‘sha kasallik belgilari kuchliroq bo‘ladi va muntazam davom etadi. Shunday ekan, tushkunlik sizni qiynab, o‘tib ketmayotgan bo‘lsa, ota-onangiz bilan shifokor qabuliga borish haqida gaplashib ko‘rsangiz bo‘ladi.

 MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj». (Matto 9:12)

 Bordi-yu, sizga katta depressiya tashxisi qo‘yilsa, hech ham uyalmang. Yoshlar orasida depressiya keng tarqalgan va uni davolashning iloji bor! Chin do‘stlaringiz siz haqingizda yomon fikrga bormaydi.

 Maslahat: sabrli bo‘ling. Bu kasallikdan qutulish uchun vaqt kerak. Qolaversa, ham yaxshi, ham yomon kunlar bo‘ladi a.

 Oyoqqa turish uchun reja

 Tibbiy yordamga muhtoj bo‘lasizmi yoki yo‘qmi, sizni tark etmayotgan g‘amginlik bilan kurashish uchun qilishingiz mumkin bo‘lgan ba’zi narsalar bor. Masalan, muntazam ravishda jismoniy mashq qilish, sog‘lom ovqatlanish va yetarlicha uxlash his-tuyg‘ularingizni boshqarishga yordam berishi mumkin. (Voiz 4:6; 1 Timo‘tiyga 4:8) Shuningdek, bir daftar tutib, u yerga his-tuyg‘ularingizni, oyoqqa turish uchun maqsadlaringizni, to‘siqlar-u muvaffaqiyatingizni yozishni foydali deb toparsiz.

 Klinik depressiyadan azob chekyapsizmi yoki hissan qiyin payt bilan kurashyapsizmi, quyidagini unutmang: oyoqqa turish uchun boshqalarning yordamini qabul qilib va shaxsan qadamlar qo‘yib, bu kasallikni yenga olasiz.

 Yordam bera oladigan oyatlar

  •  «Yahova qalbi o‘ksiganlarga yaqindir, ruhan ezilganlarni U qutqaradi». (Zabur 34:18)

  •  «G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla, Uning O‘zi senga tayanch bo‘ladi. Odil kishining yiqilishiga U aslo yo‘l qo‘ymaydi». (Zabur 55:22)

  •  «Men, Tangring Yahova, o‘ng qo‘lingdan ushlab: “Qo‘rqma! Senga yordam beraman”,— deyman». (Ishayo 41:13)

  •  «Zinhor ertangi kun uchun tashvishlanmanglar». (Matto 6:34)

  •  «Tilaklaringizni... Allohga bildiringlar. Shunda har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi qalbingizni... himoya qiladi». (Filippiliklarga 4:6, 7)

a Joningizga qasd qilish haqida o‘ylayotgan bo‘lsangiz, zudlik bilan yoshi katta ishonchli kishidan yordam so‘rang. Ko‘proq bilish uchun «Yashashdan to‘yganimda — o‘lishni xohlaganimda, Muqaddas Kitob yordam bera oladimi?» nomli maqolaga qarang. (MUQADDAS KITOB TA’LIMOTLARI > MUQADDAS KITOBGA ASOSLANGAN JAVOBLAR sarlavhasiga qarang.)