Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Salbiy fikrlash tarzidan qanday qocha olaman?

Salbiy fikrlash tarzidan qanday qocha olaman?

 O‘zingiz haqingizda qanday fikrdasiz?

  •   Optimist

     «Iloji boricha xursand bo‘lishga va xafa bo‘lmaslikka harakat qilaman. Har kuni tabassum qilib, quvonishga intilaman»,— deb aytdi Valeriya.

  •   Pessimist

     «Biron yaxshi voqea yuz bersa, shu zahoti bunday bo‘lishi mumkin emas, degan fikrga boraman»,— deb bo‘lishdi Rebekka.

  •   Realist

     «Optimist bo‘lsam, biron nima men kutganday bo‘lmasa, ko‘nglim tushadi, pessimist bo‘lganimda esa, doim tushkun yuraman. Realist bo‘lish esa, vaziyatga muvozanat ila yondashishimga yordam beradi»,— dedi Anna.

 Nega bu muhim?

 Muqaddas Kitobda: «Qalbi shodning... har kuni bayram»,— deyilgan. (Hikmatlar 15:15) Shunisi aniqki, faqat salbiy fikr yuritmaydigan va hayotning ijobiy taraflariga diqqat qaratadigan odamlar odatda baxtiyorroq bo‘ladi. Qolaversa, ular ko‘proq do‘stlarga ega bo‘lishi mumkin. Axir kim ham nuqul g‘amgin va salbiy fikr yuritadigan odam bilan do‘stlashishni istaydi?

 Hatto juda ham ijobiy fikr yuritadigan inson bo‘lsangiz-da, hayotda jiddiy qiyinchiliklar yuz berishi mumkin. Masalan:

  •   ehtimol, doim urush, terrorizm yoki jinoyat sodir etilgani to‘g‘risida xabarlar eshitasiz.

  •   Oilangizda muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

  •   Shubhasizki, xatolaringiz-u zaifliklaringiz bilan kurashyapsiz.

  •   Do‘stingiz qalbingizni og‘ritishi mumkin.

 Bu muammolarga ko‘z yumishning yoki ular haqida ortiqcha tashvishlanishning o‘rniga, muvozanatli bo‘lishga intiling. Hayotga real yondashish salbiy fikrlarga berilmay, yuz berayotgan voqealarni ijobiy ruhda qabul qilishga ko‘maklashadi.

Charog‘on kunlar kelishiga ishonib, hayotdagi bo‘ronlardan o‘tishingiz mumkin

 Nima qila olasiz?

  •   Xatolaringizga muvozanat bilan qarang

     Muqaddas Kitobda: «Hech qachon gunoh qilmaydigan insonning o‘zi yo‘qdir»,— degan so‘zlar bor. (Voiz 7:20) Xatolarga yo‘l qo‘yishingiz, noto‘g‘ri yo‘l tutayotganingizni emas, inson ekaningizni ko‘rsatadi.

     Qay yo‘sin muvozanatli bo‘la olasiz? Xatolaringiz ustida ishlang va o‘zingizdan mukammallikni kutmang. 23 yoshli Keleb quyidagicha fikr bildirdi: «Tushkunlikka tushmaslik uchun xatolarimga haddan ortiq diqqat qaratmaslikka intilaman. Aksincha, yaxshi tarafga o‘zgarish uchun ulardan saboq olishga harakat qilaman».

  •   O‘zingizni solishtirishdan qoching

     Xudoning Kalomida: «Manmanlik qilmaylik, bir-birimizni raqobatga undamaylik va hasad qilmaylik»,— deb aytilgan. (Galatiyaliklarga 5:26) Siz taklif qilinmagan tadbirlarda olingan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarda tomosha qilib, jahlingiz chiqishi hech gap emas. Buning dastidan yaqin do‘stlaringiz dushmanlarday tuyulishi mumkin.

     Qay yo‘sin muvozanatli bo‘la olasiz? Shuni tan olingki, sizni hamma tadbirlarga ham taklif qilishmaydi. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar tanganing bir tarafi, xolos. 16 yoshli Aleksis shunday dedi: «Odatda ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning faqatgina zavqli daqiqalari ko‘rsatiladi. Ko‘pincha odamlar oddiy kunlari qanday o‘tishini ko‘rsatishmaydi».

  •   Tinchlik o‘rnatuvchi bo‘ling, ayniqsa, oilangizda.

     Muqaddas Yozuvlarda: «Iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha... tinch-totuv hayot kechiringlar»,— deb yozilgan. (Rimliklarga 12:18) To‘g‘ri, barcha odamlarning xatti-harakatlarini to‘liq nazorat qila olmaysiz, lekin bunga nisbatan munosabatingizni nazorat qilish qo‘lingizdan keladi. Tinchlik payidan bo‘lishni tanlashingiz mumkin.

     Qay yo‘sin muvozanatli bo‘la olasiz? Oilangizdagi tarang vaziyatni yumshatishga harakat qilib, do‘stlaringiz bilan bo‘lgani kabi, oila a’zolaringiz bilan ham tinch-totuv bo‘lishga intiling. «Hech kim mukammal emas. Odamlar aytgan so‘zi yoki qilgan ishi bilan boshqalarni xafa qilib qo‘yishi mumkin,— deb bo‘lishdi 15 yoshli Melinda,— Tinchlik payidan bo‘lish-bo‘lmaslikka qaror qilish har birimizning mas’uliyatimizdir».

  •   Minnatdor bo‘ling

     Xudoning Kalomida: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar»,— deb aytilgan. (Kolosaliklarga 3:15) Minnatdor bo‘lish nuqul salbiy narsalarga emas, balki ijobiy narsalarga diqqat qaratishga yordam beradi.

     Qay yo‘sin muvozanatli bo‘la olasiz? Muammolarni ko‘ra biling, ammo hayotdagi yaxshi narsalarni nazardan chetda qoldirmang. «Har kuni kundaligimga bitta ijobiy fikrni yozaman. Mulohaza yuritish uchun juda ko‘p ijobiy narsalar borligini o‘zimga eslatib turishni istayman»,— deb bo‘lishdi Rebekka.

  •   Do‘stlaringiz kim ekani to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring

     Muqaddas Kitobda: «Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi»,— deyilgan. (1 Korinfliklarga 15:33) Siz vaqt o‘tkazadigan odamlar tanqidchi, xudbin yoki jahldor bo‘lsa, ularning salbiy odatlari sizga ham ta’sir qiladi.

     Qay yo‘sin muvozanatli bo‘la olasiz? Do‘stlaringiz qiyin muammolarga duch kelganida, muayyan vaqt davomida salbiy fikrlarga berilishi mumkin. Do‘stlaringizni qo‘llab-quvvatlang, lekin ularning muammolari borasida haddan ortiq tashvishlanmang. 24 yoshli Mishel quyidagicha dedi: «Faqatgina salbiy nuqtai nazarga ega odamlar bilan vaqt o‘tkazmasligingiz kerak. Masalan, matematikada ikkita manfiy sonni qo‘shsak, yanada katta manfiy son paydo bo‘ladi».

 Bu haqida ko‘proq o‘qing

 Biz yashayotgan payt Muqaddas Kitobda «nihoyatda og‘ir vaqtlar» deb atalgan. (2 Timo‘tiyga 3:1) Salbiy fikrlarga to‘lib-toshgan dunyoda ijobiy ruhiyatni saqlash siz uchun qiyinmi? «Nega dunyo azob-uqubatlarga to‘la?» nomli maqolani o‘qing.