Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Bir vaqtning o‘zida bir qancha ishlarni qilish haqida nima desa bo‘ladi?

Bir vaqtning o‘zida bir qancha ishlarni qilish haqida nima desa bo‘ladi?

 Bir vaqtning o‘zidayoq ko‘p ishlarni bajarish mumkinmi?

 Bir vaqtning o‘zidayoq ko‘p ishlarni qila olish haqida eshitganmisiz? Kichikligidan beri elektron qurilmalardan foydalanadigan kishilarning ko‘pi, boshqacha qilib aytganda, «texnika bilag‘onlari» elektron qurilmalarni uncha yaxshi qo‘llay olmaydigan yoshi ulug‘ kishilarga qaraganda birdaniga bir qancha ishlarni qila olamiz, deb o‘ylashadi. Xo‘sh, bu rostmi?

 ROSTMI yoki YOLG‘ONMI?

  •   Bir vaqtning o‘zida bir qancha ishni qilib ko‘p ishni bitirasiz.

  •   Birdaniga bir qancha ishni qilishga o‘rganish mumkin.

  •   Yoshi kattalarga qaraganda yoshlar bir vaqtning o‘zida bir qancha ishni bajara olishadi.

 Ushbu so‘zlarning birontasiga ham «rost» deb qo‘shilayotgan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying, bu uydirma fikr.

 Birdaniga bir nechta ish qilish borasidagi uydirma

 Bir vaqtning o‘zida ikkita ishni bajara olasizmi? Ehtimol, ha, va ba’zi ishlarni bir vaqtning o‘zida ham qila olayotgandirsiz. Masalan, xonani yig‘ishtirayotib, musiqa ham eshitarsiz.

 Ammo bir xil darajada diqqatli bo‘lish talab etiladigan ikkita ishni qilayotgan bo‘lsangiz, ikkovini ham yaxshi bajara olishingiz amrimahol. Balki, shuning uchun ham Katerina ismli qiz quyidagilarni aytgandir: «Bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni qilsam, hammasida qovun tushiraman».

 «Bitta do‘stim bilan gaplashayotganimda, telefonimga darrov javob berishim kerak bo‘lgan xabar kelib qoldi. Ikkalasini ham uddalayman, deb o‘yladim. Natijada, do‘stimning gapini ham tuzuk-quruq eshita olmadim, javoban yozgan xabarda ham rosa ko‘p xatolar qildim». (Keleb)

 Texnologiyalar odamlarga ta’sir qilishini tadqiq qiladigan Sherri Tyorkl shunday deb yozdi: «Bir vaqtning o‘zida bir qancha ishlarni qilib yuboramiz deb o‘ylaymiz. Aslida esa... har bir yangi vazifa bilan samaraligimiz pasayadi. Bir vaqtning o‘zida bir necha ishni bajarish ongimizga ta’sir qiladi va biz o‘zimizni yaxshi his etamiz. Shuning uchun, barchasini juda zo‘r eplayapmiz degan xayolga boramiz, aslida esa, hammasi teskari» a.

 «Gohida, ham bir kishiga xabar yozish, ham boshqasi bilan gaplashish oson tuyuladi. Ammo sal turib, hammasini aralashtirib yuborganimni tushunaman, ya’ni yozmoqchi bo‘lgan fikrlarni gaplashayotgan insonga aytaman, unga aytmoqchi bo‘lganlarni esa narigisiga yozayotgan bo‘laman». (Tamara)

 Bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni qilgan insonlar shundoq ham qiyin bo‘lgan hayotni o‘zlari uchun murakkablashtirishadi. Misol uchun, bunday qilib ular odatda uy ishiga ketadigan vaqtni oshirib yuborishadi. Yoki o‘sha-o‘sha ishni qaytadan qilishiga to‘g‘ri keladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, ikkita quyon ketidan quvlagan kishi natijada, yoqtiradigan vaqtichog‘liklari uchun deyarli vaqti qolmaganini tushunadi.

 Psixoterapevt va bolalar psixologi Tomas Kyorsting: «Miyani hamma hujjatlar batartib turadigan javon bilan solishtirsak, bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni qilishga harakat qiladigan insonning miyasi ichida hammasi aralash-quralash»,— deb aytdi b.

 «Bir vaqtning o‘zida qancha ko‘p ishni qilishga urinsangiz, shuncha ko‘p muhim tafsilotlar qolib ketishi hech gap emas. Oqibatda, yanada ko‘proq ishlashingizga to‘g‘ri keladi, tejab qolaman degan vaqtni esa behuda ketkazib yuborasiz». (Teresa)

Birdaniga bir nechta ishni qilish xuddi bir vaqtning o‘zida ikki yo‘ldan haydab ketishga harakat qilishday

 Yaxshiroq usul

  •   Bir vaqtning o‘zida bitta ishni qilishga odatlaning. Bir vaqtning o‘zida bir necha ishni qilish odat tusiga kirgan bo‘lsa, masalan, darslarni bajarish bilan birga do‘stingiz bilan yozishayotgan bo‘lsangiz, bu qiyin bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobda: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang»,— deb yozilgan. (Filippiliklarga 1:10) Qilayotgan har bir ishimiz baravariga muhim bo‘lavermaydi. Shuning uchun, avval muhimroq bo‘lganini tanlang va uni bitirmaguncha boshqalariga chalg‘imang.

     «Bitta narsaga diqqat qarata olmayotgan bo‘lsangiz, miyangizni kichik bolaga o‘xshatsa bo‘ladi. Balki hatto u qo‘ymay so‘rayotgan narsani berish osonroq bo‘ladi deb tuyulganda ham, unga rad javobini berishga to‘g‘ri keladi». (Mariya)

  •   Chalg‘itadigan narsalarni kamaytiring. Darslarni qilayotganda, telefonni tekshirish vasvasasi paydo bo‘ladimi? Unday bo‘lsa, uni boshqa xonada qoldiring. Televizorni o‘chiring va ijtimoiy tarmoqlarni unuting! Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Oqilona yo‘l tutib, fursatni boy bermanglar». (Kolosaliklarga 4:5)

     «Bir vaqtning o‘zida bittagina ishni qilishni o‘zim uchun yaxshiroq, deb topdim. Ishlar ro‘yxatini tuzib, har birini qilib bo‘lgach, ro‘yxatdan o‘chiraman. Shunday qilib, ko‘proq quvonch va mamnuniyat his etyapman». (Onia)

  •   Butun e’tiborni suhbatga qarating. Kimdir bilan gaplashayotganda, hadeb telefoningizga qaraverish yomon odat. Bunday qilib, ham o‘zingizni, ham suhbatdoshingizni chalg‘itasiz. Muqaddas Kitobda aytilganiday, odamlar bizga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasak, biz ham ularga shunday munosabatda bo‘lishimiz lozim. (Matto 7:12)

     «Ba’zida singlim bilan gaplashayotganimizda, u o‘sha vaqtning o‘zida kimgadir xabar yozadi yoki telefonida allanimalarni qarab o‘tiradi. Rostini aytsam, qonim qaynab ketadi! Lekin aslida, gohida o‘zim ham xuddi shunday qilaman». (Devid)

a «Reslaiming Conversation».

b «Disconnected».